Etihad Airways aviakompaniyasi Abu-Dabi-Toshkent yo‘nalishidagi muntazam reyslarning ochilish sanasini o‘zgartirdi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Aeroportlar operatori ma‘lumotlariga ko‘ra, aviatashuvchi BAA va O‘zbekiston poytaxtlari o‘rtasida parvozlarni 10-avgustdan boshlaydi. Parvozlar har kuni Airbus A320 samolyotlarida amalga oshiriladi.
Etihad Airways saytidagi ma‘lumotlarga ko‘ra, parvozlar quyidagi jadval asosida bajariladi:
- Abu-Dabidan uchib ketish — 21:10, Toshkentga qo‘nish — 1:35;
- Toshkentdan uchib ketish — 3:35, Abu-Dabiga qo‘nish — 6:25.
Abu-Dabidan bir tomonga chipta narxi 385 dirhamdan (hozirgi kurs bo‘yicha 1 259 242,6 so‘m), Toshkentdan esa 122 yevrodan (1 675 201,52 so‘m) boshlanadi.
Joriy yilning aprel oyida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev tashuvchining bosh operatsion direktori Majed Al-Marzuqiy bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. O‘shanda Abu-Dabidan Toshkentga parvozlarni 17-avgustdan yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani ma‘lum qilingandi.
Transport vazirligi poytaxtlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlarning qayta tiklanishi yo‘lovchilar uchun Etihad Airways yo‘nalishlar tarmog‘idan foydalanishni osonlashtirishi va ular uchun tanlov imkoniyatlarini kengaytirishni kutmoqda. O‘zbekistonliklar Abu-Dabi orqali Yevropa, Osiyo, Avstraliya, Afrika va Shimoliy Amerikadagi 70 dan ortiq xalqaro yo‘nalishga parvoz qilishi mumkin bo‘ladi.
Etihad Airways 2025-yilning iyul oyida Toshkent va Yevroosiyoning yana bir qator shaharlariga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yishini e‘lon qilgandi. Amirlik aviatashuvchisi 2026-yil 17-martdan boshlab Toshkent va Abu-Dabi o‘rtasida haftasiga oltita reysni amalga oshirishni rejalashtirgan edi. Oktyabr oyida O‘zaviatsiya agentligi Etihad Airways‘ga respublikaga parvozlar uchun ruxsatnoma bergan.
Spot, avvalroq, Silk Avia 10-iyuldan Buxorodan Sariosiyoga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.