BAAning Etihad Airways aviakompaniyasi 17-avgustdan O‘zbekistonga muntazam parvozlarni boshlaydi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev hamda aviakompaniyasi bosh operatsion direktori kapitan Majed Al-Marzuki bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ushbu kelishuvga erishildi.

Aviakompaniya bosh ofisida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi aviaqatnovlarning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama etishdi.

Xususan, uchrashuvda “Etihad Airways” aviakompaniyasining O‘zbekistonga muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yish hamda bosqichma-bosqich yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

“Muzokaralar yakuniga ko‘ra, joriy yil 17-avgustidan Etihad Airways tomonidan Toshkent-Abu Dabi-Toshkent yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi”, — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston hamda BAA poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarning tiklanishi orqali o‘zbekistonlik yo‘lovchilar Etihad Airways’ning keng ko‘lamli yo‘nalishlar tarmog‘idan foydalanadi.

Shuningdek, Abu-Dabi orqali qulay ulanishlar bilan Yevropa, Osiyo, Avstraliya, Afrika va Shimoliy Amerikadagi 70 dan ortiq xalqaro yo‘nalishlarga uchish imkonini beradi.

2025-yil iyul oyida Etihad Airways Abu-Dabidan Toshkentga aviareyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.

O‘shanda BAA aviakompaniyasi 2026-yilning mart oyidan boshlab poytaxtlar orasida haftasiga 6 ta reysni bajarishni mo‘ljallagandi.

Oktabr oyida Fuqaro aviatsiyasi agentligi (O‘zaviatsiya) BAAning Etihad Airways aviakompaniyasiga O‘zbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berdi.

Aviatashuvchi Abu-Dabi-Toshkent-Abu-Dabi yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilish huquqini qo‘lga kiritdi. Parvozlarda Airbus A320−232/251N va A321−231/251N/251NX samolyotlaridan foydalaniladi.