10-iyuldan boshlab Buxoro-Sariosiyo yo‘nalishida ichki aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qatnovlar Silk Avia aviakompaniyasi tomonidan haftaning har juma kuni amalga oshiriladi.
Buxoro shahridan reys mahalliy vaqt bilan soat 08:30 da jo‘nab ketadi va soat 09:30 da Sariosiyo shaharchasiga yetib boradi. Qaytish reysi esa soat 10:10 da Sariosiyodan parvoz qilib, soat 11:20 da Buxoroga qo‘nadi.
Taʼkidlanishicha, ushbu ichki aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi mamlakat bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.
“Xorijiy va mahalliy sayyohlarga sayyohlarga manzilga yetib borish vaqtini sezilarli darajada qisqartirish va mamlakat bo‘ylab sayohatlarni yana-da qulay tashkil etish imkonini beradi”, — deyiladi xabarda.
Sariosiyo aeroporti haqida
2025-yilning 30-may kuni aeroport Silk Avia aviakompaniyasining birinchi reysini qabul qilgandi. Toshkentdan bortida 48 nafar yo‘lovchi bilan uchgan samolyot mahalliy vaqt bilan soat 15:41 da aeroportga kelib qo‘ngan edi.
Sariosiyo aeroporti 2005-yilda fuqaro aviatsiyasi uchun yopilgan. Havo bandargohi so‘nggi yillarda o‘z faoliyatini tiklagan beshinchi mintaqaviy aeroport bo‘ldi. Avvalroq Mo‘ynoq, Qo‘qon, Shahrisabz va Zomin aeroportlari rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilgandi.
2023-yilning noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev Sariosiyo aeroportida fuqaro aviatsiyasi faoliyatini tiklash, 2024-yildan Sariosiyodan Samarqand va Toshkentga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yishni topshirgandi.
2024-yilning sentabrida Silk Avia rahbari Sardor Nurmuhammedov 2024-yilning to‘rtinchi choragida Toshkent-Sariosiyo yo‘nalishida aviaqatnovlar boshlanishini ma’lum qildi. Joriy yil boshida Uzbekistan Airports raisi Javlonbek Umarxo‘jayev yil yakunigacha Sariosiyo va Zarafshon aeroportlarini ishga tushirish rejalarini bildirdi.
Spot, avvalroq, Royal Jordanian 30-iyundan Amman-Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.