Jizzax viloyatining Zomin tumani “Laylak uya” massivida “Zomin” aeroporti foydalanishga topshirildi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

“Tres 001” qurilish tashkiloti tomonidan bunyod etilgan mazkur aeroport 30 o‘ringa mo‘ljallangan yo‘lovchi terminaliga ega bo‘lib, buning uchun 60 gektar yer maydon ajratilgan.

“Mazkur loyihaning amalga oshirilishi Zomin aholisi daromadining ko‘payishiga va yoshlar bandligini ta’minlashga xizmat qiladi. Zero loyiha ortidan mahalliy aholi ishlab, daromad topadigan ko‘plab infratuzilmalar, jumladan, umumiy ovqatlanish, transport, suvenirlar, restoranlar, kafelar va boshqa xizmat ko‘rsatish turlari rivojlantiriladi”, — dedi viloyat hokimi Ergash Saliyev.

Aeroportda jami 200 dan ziyod xodimlar faoliyat yuritib, 110 ta texnika bilan ishlar olib boriladi. Shuningdek, aeroport infratuzilmasi, muxandislik kommunikatsiyasi, uchish-qo‘nish, xarakatlanish yo‘laklari va perronni loyihalash jarayonlari kechmoqda.

Bundan tashqari, qurilish, uchish va qo‘nishni ta’minlash bo‘yicha radio va aeronavigatsiya uskunalarini xarid qilish, o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish ishlari belgilangan reja asosida amalga oshirilmoqda.

Aeroport va aviaqatnovlar orqali mamlakatning olis hududlaridan mahalliy sayyohlarni, poytaxt shahri va boshqa viloyatlardan xorijiy sayyohlarning tashriflarini samarali tashkil etish imkoniyati yaratiladi, deyiladi xabarda.


Avvalroq “Uzbekistan Airways” kompaniyasi ikkinchi LET L-410 havo kemasini qabul qilgandi. Birinchi havo kemasi joriy yilning iyul oyida olib kelingandi. Mazkur samolyot mamlakat ichidagi mahalliy yo‘nalishlarni olib boradi.