Toshkent shahar hokimligi Amerikaning Aquatech International kompaniyasi bilan suv xo‘jaligini modernizatsiya qilish imkoniyatlarini muhokama qildi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
21-oktabr kuni Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov Amerikaning Aquatech International kompaniyasi bosh direktori Devesh Sharma bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda suv xo‘jaligini rivojlantirish va ushbu sohada hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.
Asosiy mavzular qatoridan oqova suvlarni tozalash tizimini modernizatsiya qilish va ularni qayta ishlatish masalalari o‘rin oldi. Yomg‘ir suvlarini yig‘ish va tozalash uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish rejalari ham ko‘rib chiqildi.
Tomonlar suv resurslarini boshqarish, ularni raqamli monitoring qilish va yo‘qotishlarni kamaytirish masalalarini ham muhokama qildi.
Davlat-xususiy sheriklik mexanizmi orqali loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini o‘rganish va investitsiyalarni jalb etish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, tozalash inshootlaridan birida texnik audit o‘tkazish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi. Aquatech va hokimlik suv resurslarini boshqarish sohasida tajriba loyihalarini amalga oshirish hamda uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi.
Shavkat Umurzoqov avgust oyida Anhor.uz nashriga bergan intervyusida suv muammosini Toshkent uchun infratuzilma sohasidagi eng katta muammolardan biri deb atagan va suv ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat yetarlicha o‘rganilmaganini ta’kidlagan edi. U poytaxtda suv resurslarini boshqarishning yagona tizimini yaratish zarurligini qayd etgan.
“Bizda suv ko‘p va bu haqda tashvishlanmasak ham bo‘ladi, deb aytish — xato”, — dedi Umurzoqov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentda suv resurslarini boshqarish yomg‘ir, drenaj va kollektor suvlarini, shuningdek, aholi, qishloq xo‘jaligi, sanoat, basseynlar va sug‘orish uchun ishlatiladigan suvni ham qamrab olishi kerak. Hokimning ta’kidlashicha, shahar suv balansini hisoblab chiqishi va resurslarni boshqarish tizimini tartibga solishi zarur.
Avvalroq Spot Shahrisabz, Kitob va Karmanada 119 mln yevrolik oqova suv tozalash inshootlari qurilishi haqida yozgandi.