Toshkent hokimi Shavkat Umurzakov suv muammosini poytaxt oldidagi asosiy infratuzilmaviy muammo deb atadi. Bu haqda hokim Anhor.uz nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Toshkentdagi qaysi yirik infratuzilmaviy muammoni birinchi navbatda hal qilishni tanlagan bo‘lardingiz, degan savolga Shavkat Umurzakov suv ta’minoti va kanalizatsiyani aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharni elektr energiyasi bilan ta’minlash, yo‘l tirbandliklari va gaz ta’minoti muammolarini hal qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Suv ta’minoti va kanalizatsiya masalasi esa hozircha yetarlicha ishlab chiqilmagan.
Umurzakovning ta’kidlashicha, Toshkentda suv resurslarini boshqarish tizimini yaratish zarur. Bu yo‘nalishdagi ishlar allaqachon boshlangan, biroq hozircha aniq yechimlar mavjud emas.
Hokim Toshkentning suv resurslarini boshqarish tizimi yomg‘ir, drenaj va kollektor suvlarini, shuningdek, aholi, qishloq xo‘jaligi, sanoat, basseynlar va sug‘orishda foydalaniladigan suvni qamrab olishi kerakligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, suv kanalizatsiyaga tushganidan keyin undan keyingi foydalanish imkoniyatlarini ham hisobga olish zarur.
Shavkat Umurzoqov (chapda). Foto: intervyudan skrinshot
Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharda suv balansini hisoblab chiqish zarur. Bu kim va qancha miqdorda suvdan foydalanayotganini, har bir iste’molchiga qancha suv kerakligini aniqlash va shundan so‘ng resurslarni boshqarishni tizimlashtirish imkonini beradi.
“Bizda suv ko‘p va xavotirlanishga hojat yo‘q, deb aytish — bu xato”, — dedi Umurzakov.
U suv resurslari muammosi kelajak uchun katta ahamiyatga ega bo‘lishini, prezident ham uning muhimligini bir necha bor ta’kidlaganini qayd etdi.
Hokimning so‘zlariga ko‘ra, shahar tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda suv muammosiga oid yechimlar ustida ishlashni allaqachon boshlagan.
“Agar hozir mendan so‘rasangiz, men aynan suv muammosini hal qilishimiz kerak, deb javob beraman”, — deya qo‘shimcha qildi Toshkent hokimi.
Avvalroq Spot Yangihayotda aylanmasi $10 mlrdlik sanoat klasteri tashkil etilishi rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.