Toshkentning Yangihayot tumanida qariyb 750 gektar maydonda “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Bo‘sh hududlar yetishmagani sababli shaharga qo‘shimcha 500 gektar yer ham ajratilgan. Bu haqda Toshkent hokimi Shavkat Umurzakov Anhor.uz nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sanoat korxonalarini Toshkent tashqarisiga chiqarishga qaramay, shaharda sanoat ishlab chiqarishi o‘sish sur’atlarini saqlab qolmoqda.

Shu bilan birga, hokimning baholashicha, poytaxtning sanoat salohiyatidan hozirda atigi 20−30% foydalanilmoqda.

Umurzoqov yangi sanoat zonasidagi yirik loyihalardan biri sifatida JAC Motors Toshkent zavodini tilga oldi. Uning aytishicha, zavod rivojlanayotgan kichik va o‘rta biznes ehtiyojlaridan kelib chiqib tanlangan. Korxonalarga hozir asosan import qilinayotgan kichik tonnajli va yengil tijoriy avtomobillar kerak.

Hokimning ta’kidlashicha, bunday texnikaga, xususan, turizm va yetkazib berish sohalarida talab yuqori. Bundan tashqari, ularni katta avtobuslar har doim ham kira olmaydigan mahalla va turar joy mavzelaridagi jamoat transporti muammolarini hal qilishda foydalanish rejalashtirilmoqda.

“Zavodni to‘liq quvvatda ishga tushira olsak, ya’ni ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirib, mahalliylashtirishning ikkinchi bosqichini amalga oshirsak, zavod aylanmasi kamida $1 mlrdni tashkil etadi. Agar bugungi kunda Toshkentda aylanmasi $1 mlrdlik sanoat korxonasi bormi, deb so‘rasangiz, javobim — yo‘q”, — dedi Umurzakov.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, JAC’ni tanlashda brendning obro‘si va foydalaniladigan platformalar ham hisobga olingan. Uning aytishicha, yirik modellarda Volkswagen, kichik modellarda esa Hyundai platformalari asos qilib olingan.

JAC Motors Toshkent zavodi. Foto: Toshkent shahar hokimligiJAC Motors Toshkent zavodi. Foto: Toshkent shahar hokimligi

Umurzoqov tumandagi yana bir yirik korxona sifatida tadbirkorlar tomonidan PepsiCo bilan hamkorlikda ishga tushirilgan East Can Solutions alyuminiy bankalar ishlab chiqarish zavodini tilga oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu O‘zbekistonda avval mavjud bo‘lmagan yuqori texnologiyali ishlab chiqarish korxonasi bo‘lib, uning yillik quvvati 2−2,5 mlrd dona bankani tashkil etadi.

“Zavodni ham to‘liq quvvatda ishga tushira olsak, uning aylanmasi $1 mlrddan oshadi”, — dedi hokim.

Umurzoqov tumanda ishga tushirilishi arafasida turgan yana uchta yirik zavod borligini ham ma’lum qildi. Uning baholashicha, ular uch yil ichida faoliyatini boshlasa, umumiy aylanmasi qariyb $3 mlrdni tashkil qilishi mumkin.

Shu bilan birga, hokim Yangihayotdagi sanoatni tuman Toshkent shahriga $10 mlrdlik sanoat aylanmasini ta’minlay oladigan darajaga olib chiqishni maqsad qilganini aytdi.

“Orzum, niyatim — bu tuman, Xudo xohlasa, shaharga $10 mlrdlik sanoat olib keladigan hududga aylansin. Bu yerda kamida 10 ming nafar yuqori malakali muhandis tayyorlanadigan maskan bo‘ladi. Tushunishingiz uchun, $10 mlrd Toshkentning bugungi yalpi hududiy mahsulotining 30%iga teng”, — dedi u.

Shavkat Umurzakov. Foto: intervyudan skrinshotShavkat Umurzakov. Foto: intervyudan skrinshot

Shu bilan birga, hokim sanoatni rivojlantirish u uchun faqat ishlab chiqarish hajmi va korxonalar daromadi nuqtayi nazaridan muhim emasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sanoatning rivojlanishi ilm-fan va ta’lim taraqqiyotiga, shuningdek, yoshlarning yuqori texnologiyali kompaniyalarda ishlashi uchun imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi kerak.

“Men uchun sanoatning zaruriyati ishlab chiqarilayotgan mahsulot yoki undan olinadigan daromadda emas. Sanoat mavjud va rivojlangan joyda ilm-fan va ta’lim ham rivojlanadi. Albatta, [iqtisodiy] o‘sish bo‘ladi”, — dedi Umurzoqov.

U shaharga yoshlar uchun yuqori texnologiyali ishlab chiqarish korxonalarida ishlash imkoniyatini yaratadigan sanoat korxonalari kerakligini qo‘shimcha qildi. Bu mutaxassislarning xorijga ketishining oldini olishga yordam beradi.


Avvalroq Spot prezident Urganchdagi $11 mlnlik sutni qayta ishlash korxonasi bilan tanishgani haqida yozgandi.