Shavkat Mirziyoyev Urganch tumanidagi Tillo domor korxonasining yangi ishlab chiqarish majmuasida sutni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tillo domor korxonasining umumiy qiymati $11 mln bo‘lib, yiliga qariyb 100 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxona Bolgariyadan keltirilgan zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan.

Bu yerda pishloq, qaymoq, smetana, tvorog, qatiq, kefir kabi 70 dan ortiq turdagi sut mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Xomashyo har kuni 100 dan ziyod fermer xo‘jaligi va aholidan xarid qilinadi.

Korxonada 120 ta ish o‘rni yaratilgan. Ishlab chiqarish majmuasida 100 kilovatt quvvatga ega quyosh panellari ham o‘rnatilgan. Kelgusida yana 100 ta yangi ish o‘rni tashkil etish, mahsulot turlarini ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda viloyatda 1,2 mingga yaqin qayta ishlash korxonasi faoliyat yuritmoqda.

Prezident mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, bunday korxonalarni xomashyo bilan barqaror taʼminlash, mahsulot turlari va ishlab chiqarish hajmini oshirish muhimligini taʼkidladi.

Mutasaddilarga bu boradagi tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Spot, avvalroq, Urganch aeroportining yo‘lovchi o‘tkazish quvvati to‘rt barobardan ko‘proqqa oshirilishi haqida yozgandi.