Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 14-avgust kuni Prezident Administratsiyasi to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonunni imzolagani haqida yozgan edi.
Administratsiya — prezidentning davlat boshlig‘i sifatidagi vakolatlarini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlaydigan davlat organi hisoblanadi. U davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini prezident hujjatlari ijrosi doirasida muvofiqlashtiradi hamda ularning ijrosi ustidan monitoring va nazoratni tashkil etadi.
Administratsiyaga prezident tomonidan tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Administratsiya rahbari boshchilik qiladi. Administratsiyaning mansabdor shaxslari qatoriga Prezident yordamchisi, Administratsiya rahbarining o‘rinbosarlari, prezident maslahatchilari va vakillari, tarkibiy bo‘linmalar boshliqlari kiradi.
Administratsiya tarkibiy bo‘linmalari qatorida Rahbar kotibiyati, Prezident qabulxonasi, Xavfsizlik kengashi kotibiyati, Prezident protokoli, departamentlar, Komplayens xizmati va Ishlar boshqarmasi sanab o‘tilgan.
Vazifalari
Administratsiyaning asosiy vazifalari quyidagilar:
- Prezident faoliyatini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlash;
- mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy rivojlanishini tahlil qilish, islohotlarni ta’minlash va yangi tashabbuslarni ishlab chiqish;
- qonuniylik, huquq-tartibot, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda Konstitutsiyaga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashish;
- huquqni muhofaza qiluvchi, nazorat qiluvchi va Prezidentga bevosita bo‘ysunuvchi davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
- ichki va tashqi siyosat, suverenitet, xavfsizlik va hududiy yaxlitlikni ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
- aholi va tadbirkorlar bilan ochiq muloqotni tashkil etish, Prezidentga murojaat qilish huquqini amalga oshirish uchun sharoit yaratish;
- davlat hokimiyati vakillik organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish;
- yagona davlat kadrlar siyosati va davlat xizmati boshqaruvini ta’minlash;
- Prezident, Administratsiya va maslahat-kengash organlari faoliyatini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlash;
- Prezidentning qonunchilik, inson huquqlari, davlat suvereniteti, xavfsizlik va hududiy yaxlitlikka oid vakolatlarini amalga oshirishni ta’minlash;
- davlat hokimiyati organlarining kelishilgan faoliyati va hamkorligini ta’minlash;
- Prezidentning xalqaro munosabatlarga oid vakolatlarini amalga oshirishni ta’minlash;
- Prezidentning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaat qilish huquqi amalga oshirilishini ta’minlash;
- fuqarolik va siyosiy boshpana berish, amnistiya hamda afv etish masalalari bo‘yicha Prezident vakolatlarini amalga oshirishni ta’minlash;
- qonunlar, Prezident hujjatlari hamda Administratsiya rahbarining farmoyish va topshiriqlari ijrosini tashkil etish va nazorat qilish.
Vakolatlari
Qonunda Administratsiyaga bir qator vakolatlar berilgan, jumladan:
- prezident va Vazirlar Mahkamasi hujjatlari loyihalarini yakuniy ishlab chiqish, shuningdek ularning yangi loyihalarini mustaqil tayyorlash;
- mamlakat rivojining dolzarb masalalarini o‘rganish uchun davlat organlari, tashkilotlar va hokimlar ishtirokida ishchi guruhlar tuzish;
- davlat organlari va tashkilotlaridan zarur ma’lumot va materiallarni so‘rash va olish, ularning axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalaridan foydalanish;
- Prezidentga bevosita bo‘ysunuvchi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;
- davlat organlari rahbarlariga bajarilishi majburiy bo‘lgan topshiriqlar berish va ularning ijrosi haqida ma’lumot talab qilish;
- davlat organlari faoliyatini o‘rganish, aniqlangan kamchilik va qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berish;
- mansabdor shaxslar faoliyati samaradorligini baholash va vazifalarini bajarmagan rahbarlarni intizomiy javobgarlikka, jumladan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan choraga tortish masalasini ko‘tarish;
- davlat organlari faoliyati va erishilgan natijalarni muhokama qilish uchun navbatdan tashqari yig‘ilishlar chaqirish bo‘yicha takliflar kiritish;
- tahliliy materiallar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashga davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar mutaxassislarini jalb qilish;
- davlat organlaridagi komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini muvofiqlashtirish;
- Administratsiyaga ishga qabul qilish uchun nomzodlarni davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil tanlab olish;
- fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlarini, jumladan Prezident Xalq qabulxonasi orqali kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqishni tashkil etish;
- davlat mukofotlari va ko‘krak nishonlariga nomzodlarni o‘rganish jarayonini tashkil etish;
- davlat sirlariga oid va boshqa maxfiy ma’lumotlarni saqlash, ulardan foydalanish va himoya qilish tartibini belgilash hamda maxfiylik rejimiga rioya etilishini nazorat qilish.
Xodimlarni tayinlash tartibi
Qonunga ko‘ra, Administratsiya rahbari, prezident yordamchisi, rahbar o‘rinbosarlari, kotibiyat mudiri, maslahatchilar, vakillar, tarkibiy bo‘linmalar boshliqlari, shuningdek Prezident huzuridagi davlat organlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlarini prezident tayinlaydi.
Maslahatchilarning o‘rinbosarlari, bo‘linma boshliqlarining o‘rinbosarlari, Komplayens xizmati boshlig‘i, Kanselyariya mudiri, boshqaruv va xizmatchi xodimlar, hamda Administratsiya huzuridagi tashkilotlar rahbarlari va o‘rinbosarlarini esa Administratsiya rahbari tayinlaydi.
Barcha xodimlarga ularning Administratsiyaga mansubligi, shaxsi va lavozimini tasdiqlovchi xizmat guvohnomasi beriladi. Administratsiya huzuridagi tashkilotlarning oddiy xodimlarini esa ushbu tashkilotlarning o‘z rahbarlari tayinlaydi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va harbiy bo‘linmalarning xizmatchilari Administratsiya rahbari bilan kelishilgan holda o‘z idoralarida harbiy xizmatda qoldirilishi mumkin.
Xodimlar uchun kafolatlar
Qonunda Administratsiya xodimlari uchun bir qator ijtimoiy va huquqiy kafolatlar nazarda tutilgan:
- mansabdor shaxslar va boshqaruv xodimlari daxlsizlik va immunitetga ega bo‘ladi — ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish, protsessual majburlov choralarini qo‘llash cheklangan tartibda amalga oshiriladi;
- boshqaruv xodimiga nisbatan jinoyat ishi faqat Bosh prokuror tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin, bunday ishlar Oliy sud sudloviga tegishli;
- mansabdor shaxslarga va ularning oila a’zolariga umrbod, boshqaruv xodimlariga esa xizmat davriga biometrik diplomatik pasport beriladi;
- lavozimdan bo‘shagan xodimlarga kamida bir pog‘ona yuqori lavozim taklif etiladi;
- daxlsizlik kafolati mansabdor shaxslar uchun bo‘shagandan keyin umrbod, boshqaruv xodimlari uchun esa besh yil davomida saqlanib qoladi.
Sud hokimiyati bilan hamkorlik
Yangi Konstitutsiyaviy qonunda Prezident Administratsiyasining sud hokimiyati va sudyalar hamjamiyati organlari bilan hamkorlik doirasi aniqlashtirildi. Unga ko‘ra, Administratsiya bu yo‘nalishda:
- prezidentga hamkorlikka oid masalalar bo‘yicha takliflar va tahliliy materiallar tayyorlaydi;
- prezidentning Konstitutsiyada nazarda tutilgan sud hokimiyati bilan hamkorligiga oid vakolatlarini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlaydi;
- sud-huquq sohasidagi islohotlarni muvofiqlashtiradi;
- sud tizimini isloh qilishga doir takliflar ishlab chiqadi;
- sudlar va sudyalar hamjamiyati organlari faoliyati uchun zarur tashkiliy va huquqiy shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha takliflar tayyorlanishini ta’minlaydi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Avvalroq Spot tadbirkorlikni litsenziyasiz boshlash uchun 3 oylik maxsus rejim joriy etilishi haqida yozgan edi.