Shavkat Mirziyoyev 14-avgust kuni Prezident Administratsiyasi to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonunni imzoladi.
Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 6-avgustda qabul qilingan, Senat tomonidan esa 7-avgustda ma’qullangan. Konstitutsiyaviy qonun 4 bob va 34 moddadan iborat. Qonun bilan Prezident Administratsiyasining maqomi, vakolatlari, vazifalari hamda davlat organlari bilan hamkorlik qilish tartibi belgilandi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov shu paytgacha Administratsiyaning davlat organlari bilan munosabatlaridagi faoliyatini qonun darajasida tartibga solish bo‘yicha huquqiy bo‘shliq mavjud bo‘lganini qayd etdi.
“Prezidentning farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini tashkil etishda Administratsiyaning amaldagi vakolatlari doirasidagi faoliyati qonun bilan tartibga solinishi Prezidentlik institutining huquqiy asoslarini kuchaytiradi. Xalqaro amaliyotda prezident faoliyatini ta’minlovchi institutning huquqiy maqomi qonun darajasida belgilanishi prezidentlik boshqaruvining institutsional standarti hisoblanadi”, — dedi u.
Yangi qonunga ko‘ra, Prezident Administratsiyasi prezidentning konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirishini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlaydigan davlat organi hisoblanadi.
Administratsiyani prezident shakllantiradi. U prezident belgilagan asosiy yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi, davlat rahbariga bevosita bo‘ysunadi va unga hisobdor bo‘ladi.
Quyidagilar Administratsiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
- pezidentning konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirishini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlaydi;
- prezident farmonlari, qarorlari va farmoyishlari loyihalarini tayyorlaydi;
- prezident topshiriqlarining ijrosini tashkil etadi va nazorat qiladi;
- prezident hujjatlarini amalga oshirishga ko‘maklashadi;
- mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishiga oid yangi tashabbuslarni ishlab chiqadi;
- aholi va tadbirkorlar bilan ochiq va to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotlarni tashkil etadi;
- fuqarolar va tadbirkolarni qiynayotgan masalalarga yechimlar ishlab chiqadi;
- qonunlarni imzoga yoki qaytarishga tayyorlaydi;
- prezidentning Oliy Majlisga murojaatnomasini tashkil etadi;
- prezidentga bevosita bo‘ysunuvchi (hisobdor) davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Shuningdek, qonunda Administratsiyaning mansabdor va boshqaruv shaxslarini lavozimga tayinlash hamda ozod etishga oid normalar belgilangan, Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi faoliyatini tashkil etishning qonuniy asoslari yaratilgan.
Administratsiya prezident faoliyatini tashkil etish doirasida parlament, hukumat, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, sud hokimiyati va sudyalar hamjamiyati organlari bilan hamkorlik qiladi. Prezidentga bevosita bo‘ysunuvchi davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi, ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi va prezidentga kiritadi.
Qonunda Administratsiya xodimlarining ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy himoyasiga oid normalar ham nazarda tutilgan.
Avvalroq Spot tadbirkorlikni litsenziyasiz boshlash uchun 3 oylik maxsus rejim joriy etilishi haqida yozgan edi.