Hukumat qarori bilan homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini tayinlash tartibi takomillashtirildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Xususan, olti oylik uzluksiz sug‘urta stajini hisoblash tartibi yengillashtirildi. Endilikda mehnat munosabatlari saqlangan holda ish haqi to‘lanmagan oylar, jumladan, o‘z hisobidan olingan ta‘til hamda kasallik davri sug‘urta stajining uzilishiga sabab bo‘lmaydi.
Shuningdek, kam maosh oluvchi va to‘liq bo‘lmagan stavkada ishlovchilar uchun ham sug‘urta staji hisoblanadi.
Oylik ish haqi mehnatga haq to‘lash eng kam miqdoriga teng yoki undan yuqori bo‘lsa, bir oy, undan kam bo‘lsa, yarim oy sug‘urta staji sifatida hisobga olinadi.
Tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda dekret ta‘tili uzaytirilsa, qo‘shimcha nafaqa avvalgi hisob-kitob ko‘rsatkichlari asosida belgilanadi.
Agentlikka ko‘ra, bu nafaqa miqdorining asossiz kamayib ketishining oldini oladi.
Yangi tartib natijasida qo‘shimcha qariyb 3 ming ayolda dekret nafaqasini olish huquqi paydo bo‘ladi.
O‘zgarishlar 2026-yil 13-maydan boshlab yuzaga kelgan sug‘urta hodisalariga ham tatbiq etiladi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda o‘rtacha pensiya miqdori 1,69 mln so‘mga yetgani haqida yozgandi.