Qonunchilik palatasi 11-avgust kuni shaharsozlik sohasida nazoratni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat bilan Shaharsozlik kodeksi hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Deputat Nozimbek Rustambekovning qayd etishicha, 2023-yilda shaharsozlik sohasida 8 mingdan ortiq, 2024-yilda esa qariyb 9 mingta qoidabuzarlik aniqlangan. Ikki yil davomida ishlar sifati talabga javob bermagani sabab qariyb 4 mingta obyekt qurilishi to‘xtatilgan.

2025-yilda qurilish sohasidagi qoidabuzarliklar uchun 2 653 ta ma‘muriy jarima qo‘llanilgan. Qurilish me‘yorlariga rioya qilinmagan holda bunyod etilgan qariyb 2 350 ta obyekt buzib tashlangan.

Qonun loyihasi bilan shaharsozlik talablarini qo‘pol ravishda buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda. Xususan, quyidagi holatlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi:

  • bosh reja, master-reja va loyiha hujjatlari talablarini buzgan holda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish;
  • loyiha hujjatlarisiz qurilish ishlarini olib borish;
  • yer uchastkasining funksional maqsadiga mos kelmaydigan obyekt qurish;
  • vakolatli organni xabardor qilmasdan bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital ta‘mirlash.

Qoidabuzarlik aniqlanganda buyurtmachi, pudratchi va subpudratchi yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalar qo‘llanadi. Jarimani to‘lash noqonuniy qurilish uchun javobgarlikdan ozod qilmaydi.

Qoidabuzarlik aniqlangan paytda obyektda qurilgan har bir kvadrat metr uchun BHMning 5 baravari miqdorida jarima belgilanadi. Bu hozirda 2,06 mln so‘mni, 1-sentabrdan esa 2,2 mln so‘mni tashkil etadi.

Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan urbanizatsiya sohasidagi huquqiy munosabatlar tartibga solinib, uning asosiy tamoyillari va belgilangan me‘yorlarga rioya etish talablari belgilanadi.

Shuningdek, Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasining shaharlarni kompleks rivojlantirish sohasidagi vakolatlari aniq belgilab qo‘yiladi.

Qonun loyihasini 88 nafar deputat qo‘llab-quvvatlagan, 15 nafari qarshi ovoz bergan. Yetti deputat betaraf qolgan, sakkiz nafari ovoz berishda ishtirok etmagan.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda sanoat zonalaridagi 4 mingta noqonuniy obyektga amnistiya berilishi haqida yozgandi.