Farg‘ona viloyati hokimligi uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan texnopark tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqdi. Hujjat normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga joylashtirilgan.
FSTU Aeroengineering texnoparki Farg‘ona davlat texnika universiteti huzurida faoliyat yuritadi. Viloyat hokimligi unga “Ekoshahar” majmuasidagi sanoat zonasidan 1 gektar yer maydoni ajratishni rejalashtirmoqda.
Texnoparkni Farg‘ona davlat texnika universiteti va xitoylik investor hamkorligida tashkil etiladigan Hongsheng Texnologik Rivojlantirish kompaniyasi boshqaradi.
Texnoparkda qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan dronlar va ularning ehtiyot qismlari ishlab chiqariladi. Shuningdek, ularni sinovdan o‘tkazish, sotish, saqlash, texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, kompaniya dron operatorlarini tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va sertifikatlash bilan shug‘ullanadi.
Kompaniyaga qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari — yuridik shaxslarga agrotexnik xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat berish taklif qilinmoqda.
Dronlar ekinlarni monitoring qilish, mineral o‘g‘itlar sepish va o‘simliklarni himoya qilish vositalari bilan ishlov berishda qo‘llanadi.
Dronlarning maksimal parvoz balandligi 30 metr bo‘ladi. Ularni faqat tegishli sertifikatga ega operatorlar boshqarishi mumkin.
Texnopark quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- agrodronlarni ishlab chiqarish, sotish va saqlash kompleksi;
- ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik markazlari;
- operatorlarni tayyorlash uchun o‘quv majmualari;
- sinov poligonlari va laboratoriyalari;
- logistika va xizmat ko‘rsatish obyektlari.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda 450 km/soat tezlikda uchadigan antidron — Shunqor-8 ishlab chiqilgani haqida yozgandi.