O‘zbekistonda ilk mahalliy antidron-interseptor — Shunqor-8 ishlab chiqildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha muallifi — Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi huzuridagi Innovatsion texnologiyalar markazi muhandisi Biloliddin Ismoilovning ta’kidlashicha, tizim 45% ga mahalliylashtirilgan bo‘lib, havo hujumlariga qarshi qo‘llanadigan an’anaviy havo mudofaasi (PVO) raketalariga nisbatan 900 barobargacha arzon. PVO raketalarining narxi $2−5 mln bo‘lsa, Shunqor-8 dronini ishlab chiqarish $20−50 ming atrofida bo‘ladi.

Antidron-to‘siq 450 km/soat tezlikda ucha oladi, 1 kilogrammgacha foydali yukni ko‘taradi va havoda 10−15 daqiqa qolib, 8−10 km masofadagi nishonlarni zararsizlantira oladi.

Kelajak muhandislari tanlovi doirasida Ismoilov Bilolxon tomonidan taqdim etilgan antidron-to‘siq. Foto: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi

Loyihada qanot tipidagi, jumladan Shahed va Geran kabi kamikadze dronlarga qarshi kurashish imkoniyati ko‘zda tutilgan. Dron gorizontal va vertikal holatda ham havoda ucha oladi.

U quyidagicha ishlaydi: antiradarlar yordamida aniqlangan ma’lumotlar operatorga kelib tushgach, Shunqor-8 havoga ko‘tariladi. Zararli nishon havoda aniqlangandan so‘ng, operator kinetik yoki portlovchi modda yordamida uni zararsizlantirib, havoning o‘zida yo‘q qiladi.

Ismoilovning aytishicha, loyiha Chirchiq, Aranchi va Kattaqo‘rg‘on poligonlarida sakkiz marta dala sinovlaridan o‘tkazilgan.

Shuningdek, 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda loyiha prezidentga taqdim etilgan. Biloliddin Ismoilov taqdimot davomida davlat rahbari loyihaga ijobiy baho berib, tegishli tashkilotlarga unga buyurtma berilishini ta’minlash bo‘yicha vazifa berganini ma’lum qildi.

antidron, dronlar, texnologiyalar, Shunqor-8

Prezident matbuot xizmati

Avvalroq Spot 5-avgust kuni Samarkand-2028 sun’iy yo‘ldoshi orbitaga uchirilgani haqida yozgan edi.