Avvalroq Spot 5-avgust kuni Xitoyda Samarkand-2028 va Lampung-1 giperspektral sun’iy yo‘ldoshlari uchirilishi haqida yozgandi.
Xitoyning STAR.VISION kompaniyasi O‘zbekkosmos agentligi bilan hamkorlikda yaratilgan Samarkand-2028 giperspektral Yer masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshini orbitaga muvaffaqiyatli chiqardi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchirish 5-avgust kuni Xitoyning Shandun provinsiyasi sohillari yaqinidagi dengizdagi start platformasidan amalga oshirildi. Samarkand-2028 bilan birga Lampung-1 sun’iy yo‘ldoshi ham orbitaga chiqarildi. Har ikkala apparat STAR.VISION kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.
Raqamli texnologiyalar vazirligi ushbu loyihani O‘zbekiston tarixidagi eng yirik xalqaro kosmik loyihalardan biri deb atadi. Qayd etilishicha, loyiha milliy kosmik dastur rivojida yangi bosqichni boshlab, Xitoy bilan ilmiy-texnologik hamkorlikni mustahkamlaydi.
Missiyaning muhim jihatlaridan biri — o‘zbekistonlik mutaxassislarning sun’iy yo‘ldosh bort texnologiyalarini yaratishda ishtirok etganidir. Loyiha doirasida O‘zbekkosmos muhandislari giperspektral ma’lumotlarni bevosita orbitada qayta ishlash imkonini beruvchi sun’iy intellekt modulini ishlab chiqdi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, bortdagi sun’iy intellekt Yerga uzatiladigan ma’lumotlar hajmini kamaytiradi, muhim axborotni tezroq olish va uni tahlil qilish samaradorligini oshiradi.
Samarkand-2028 — Yer masofadan zondlashga mo‘ljallangan giperspektral sun’iy yo‘ldoshdir. An’anaviy sun’iy yo‘ldoshlardan farqli ravishda, u aks etgan nurlanishni 20 dan ortiq spektral diapazonda tahlil qiladi. Bu esa Yer yuzasidagi obyektlar holati haqida ancha batafsil ma’lumot olish imkonini beradi.
Olingan ma’lumotlardan qishloq xo‘jaligida ekin turlari va holatini aniqlash, o‘simliklar rivojlanishini kuzatish, suv resurslarini boshqarish, ekologik vaziyatni baholash, tabiiy resurslarni monitoring qilish, favqulodda vaziyatlarni erta aniqlash, shaharsozlik hamda boshqa strategik yo‘nalishlarda foydalanish rejalashtirilgan.
Ta’kidlanishicha, o‘zbekistonlik mutaxassislarning sun’iy yo‘ldosh va uning intellektual tizimlarini yaratishda ishtirok etishi mamlakatning kosmik sohada o‘z muhandislik salohiyati shakllanayotganini ko‘rsatadi.
Agentlik fikricha, loyiha O‘zbekistonning kosmik texnologiyalardan foydalanuvchi davlatdan ularni yaratishda ham ishtirok etuvchi davlatga aylanishi yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Sun’iy yo‘ldosh nomi 2028-yilda Samarqandda 79-Xalqaro astronautika kongressi o‘tkazilishi bilan bog‘liq. Qayd etilishicha, Samarkand-2028 nomi O‘zbekistonning xalqaro kosmik hamjamiyatdagi mavqeini mustahkamlash hamda Mirzo Ulug‘bekning ilmiy merosi bilan zamonaviy kosmik texnologiyalar o‘rtasidagi uzviylikni ifodalaydi.
Avvalroq Spot Amazon Leo interneti O‘zbekistonda ishga tushirilishi haqida yozgandi.
Amazon Leo va UZ-SAT o‘rtasidagi kelishuv chekka hududlarda ham internetga ulanish imkonini beradi.