5-avgust kuni Xitoyda Samarkand-2028 va Lampung-1 giperspektral sun’iy yo‘ldoshlari uchiriladi. Bu haqda O‘zbekkosmos agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu sun’iy yo‘ldoshlar STAR.VISION kompaniyasi tomonidan fazoga Shandun provinsiyasi qirg‘oqlari yaqinidagi dengiz start platformasidan uchiriladi.
Samarkand-2028 missiyasi agentlik va kompaniya o‘rtasida imzolangan strategik memorandum doirasida amalga oshirilmoqda. Sun’iy yo‘ldoshga Samarkand-2028 nomi 2028-yilda Xalqaro astronavtika kongressini Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror natijasida berilgan.
Loyiha doirasida O‘zbekkosmos mutaxassislari sun’iy yo‘ldosh borti uchun maxsus sun’iy intellekt modulini ishlab chiqdi. Ushbu modul giperspektral ma’lumotlarni bevosita orbitaning o‘zida qayta ishlash imkonini berib, Yer yuzasini masofadan zondlash samaradorligini oshiradi.
Olingan ma’lumotlardan qishloq xo‘jaligi, ekologiya, tabiiy resurslarni monitoring qilish va boshqa yo‘nalishlarda foydalanish rejalashtirilgan.
Hozirda raketa start kemasi bortiga joylashtirilgan bo‘lib, uchirish hududi tomon yo‘l olgan. Missiya O‘zbekistonning kosmik texnologiyalar va sun’iy intellekt yo‘nalishidagi salohiyatini namoyish etish, shuningdek, xalqaro kosmik hamkorlikni kengaytirishdagi muhim bosqich sifatida baholanmoqda.
2025-yilning dekabr oyi boshida prezidentga “Samarqand-2028” sun’iy yo‘ldoshini ishlab chiqish ishlari haqida taqdimot qilindi. Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos sun’iy yo‘ldosh uchun O‘zbekiston paxta va don ekinlari vegetatsiyasini aniqlovchi sun’iy intellekt modeli ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.
Avvalroq Spot Amazon Leo interneti O‘zbekistonda ishga tushirilishi haqida yozgan edi.