AQSHning Amazon Leo kompaniyasi va UZ-SAT korxonasi O‘zbekiston hududida yuqori tezlikdagi sun‘iy yo‘ldosh internet xizmatlarini joriy etish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

Loyiha doirasida foydalanuvchilar nafaqat shaharlarda, balki telekommunikatsiya infratuzilmasi yetarli darajada rivojlanmagan yoki umuman mavjud bo‘lmagan olis va borish qiyin hududlarda ham internetga ulanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Amazon Leo tarmog‘i 3 mingdan ortiq past orbital sun‘iy yo‘ldoshlardan iborat bo‘lib, ular o‘zaro optik aloqa kanallari orqali bog‘langan.

Tizim yerusti shlyuz stansiyalari, tolali-optik tarmoqlar va internet almashinuv nuqtalari bilan integratsiyalashgan.

Mijozlar xizmatdan Amazon Leo Nano, Pro va Ultra terminallari orqali foydalanishi mumkin.

Kompaniyaning qayd etishicha, ushbu qurilmalar yordamida dunyoning deyarli istalgan nuqtasida yuqori tezlikdagi keng polosali internetga ulanish mumkin bo‘ladi.

Joriy yilning mart oyida Abdulla Aripov 2026-yilda O‘zbekistonda sun‘iy yo‘ldosh interneti ishga tushirilishini ma‘lum qilgandi.

Spot, avvalroq, Ilon Mask Starlink sayyoralararo interneti yaratilishini tasdiqlagani haqida yozgandi.