Shavkat Mirziyoyev 30-iyun kuni Yoshlar kuni munosabati bilan Olimpiya shaharchasida tashkil etilgan ko‘rgazmada faol va tashabbuskor yoshlar bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari mahalla hayoti, ekologiya, startaplar, muhandislik va kitobxonlik yo‘nalishidagi loyihalar bilan tanishib, ularning mualliflari bilan muloqot qildi.
Farg‘ona viloyatidagi Obod ta’lim loyihasi orqali 600 nafar yoshni yangi kasb va xorijiy tillarga o‘qitgan Islombek Muhammadjonov, ekologik startaplarni rivojlantirayotgan Gulira’no Mamirova, shuningdek, O‘qi va yuksal loyihasi muallifi Chinora G‘ulomova hamda rangtasvir tanlovi g‘olibi Odinaxon Ma’murjonovaning tashabbuslari taqdim etildi.
Prezident maktabi bitiruvchisi, Chikago universiteti talabasi Asilbek Ashurov 18 yoshida Makon AI startapini ta’sis etib, sun’iy intellektga asoslangan SAT/AP testlariga tayyorgarlik platformasini yaratgan. Loyiha AQSH va Yaqin Sharq hamda Shimoliy Afrika mintaqasida 100 mingdan ortiq foydalanuvchi va $380 ming investitsiya jalb qilgan hamda $3 mlnga baholangan.
Y Combinator dasturining ilk o‘zbekistonlik ishtirokchisi Sardorbek Rahmatulloyevning startapi ham namoyish etildi. Prezident bu kabi yuqori texnologiyali loyihalarni mamlakatda joriy etish va yosh tadbirkorlarga xorijiy bozorlarga chiqishda ko‘maklashish ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishini ta’kidladi.




Muhandislik va innovatsiya sohasidagi taqdimotlar doirasida talabalarning sun’iy intellekt hamda robototexnika yo‘nalishidagi muvaffaqiyatlari ko‘rib chiqildi. Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti talabasi, dronlar poygasi bo‘yicha mamlakat chempioni Biloliddin Ismoilov mahalliy antidron tizimlarini yaratish va takomillashtirishda ishtirok etayotganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Nukus davlat texnika universiteti talabasi, Nukus yoshlar texnoparki rezidenti Ayzada Asanovaning Yangi avlod avtomobillari yo‘nalishidagi loyiha taqdimot qilindi. O‘zbekiston 24 telekanali lavhasida Ayzadaning davlat rahbariga ta’kidlashicha, yosh muhandis qizlar jamoasi uzoq masofaga eng kam energiya sarflaydigan elektromobil yaratgan.
Uning aytishicha, ushbu elektromobil “Yangi avlod avtomobili” xalqaro tanlovida 10 km masofani atigi 40 vatt energiya sarflab bosib o‘tgan va g‘olib bo‘lgan. Shuningdek, jamoa birinchi marta Belgiyada o‘tkaziladigan xalqaro tanlovda O‘zbekiston nomidan ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan.
“[O‘zavtosanoat boshqaruvi raisi Ulug‘bek] Rozuqulovga hozir topshiriq bering, menga taqdimot qilgan Volkswagen’ning eng chiroyli, menga yoqqan modeli bor-ku, shuni prezident nomidan sovg‘a qiling”, — dedi davlat rahbari.
Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev ushbu innovatsion ishlanmalarni turli tarmoqlarda joriy etish zarurligini qayd etdi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Ayzada Asanovaga prezident sovg‘asi — Volkswagen elektromobili topshirilganini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, madaniy-ma'rifiy yo‘nalishda Mutolaa loyihasi rahbari Sirojiddin Olimov yaratgan mobil ilova qariyb 5 mln marta yuklab olingani va unda o‘qilayotgan kitoblar soni 18 mlndan oshgani ta’kidlandi.




