Shavkat Mirziyoyev qurilish sohasida davlat nazoratini kuchaytirishga qaratilgan qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Hujjat “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.

Qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasidagi inspeksiyadan ruxsat olish majburiy bo‘ladi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarni qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyalarining ruxsatnomasisiz qurish uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi.

Bunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yana qoidabuzarlik sodir etilsa, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi.

Agar shaharsozlik sohasidagi qonunchilik buzilishi oqibatida inson halok bo‘lsa yoki boshqa og‘ir oqibatlar yuzaga kelsa, ozodlikdan mahrum qilish muddati 5 yildan 7 yilgacha bo‘ladi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida aprel oyida yakuniy o‘qishda qabul qilingan, iyul oyida esa Senat tomonidan ma’qullangan.

Yuqori palatada ko‘rib chiqilayotganda noqonuniy qurilish uchun jarimalarni oshirish rejalari ma’lum qilingan:

  • fuqarolar uchun — BHMning 400 baravarigacha (176 mln so‘m);
  • mansabdor shaxslar uchun — BHMning 450 baravari (198 mln so‘m).

Shuningdek, hujjat Shaharsozlik kodeksiga master-rejalarga shaharsozlik hujjati maqomini beruvchi o‘zgartirishlarni kiritishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, qurilish inspeksiyalarining vakolatlari sezilarli darajada kengaytiriladi.

Avgust oyida Qonunchilik palatasi shaharsozlik sohasida nazoratni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

O‘shanda ma’lum qilinishicha, loyiha qurilish jarayonida jiddiy qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, har bir kvadrat metr uchun 5 BHM (2,2 mln so‘m) miqdorida moliyaviy jarima qo‘llashni nazarda tutadi.

Bunday qoidabuzarliklarga loyiha hujjatlarisiz, vakolatli organni xabardor qilmasdan qurish, shuningdek, yer uchastkasining funksional maqsadiga mos kelmaydigan obyektni barpo etish kiradi. Moliyaviy jarimalar buyurtmachi, pudratchi va subpudratchilarga qo‘llanadi.


Avvalroq Spot Toshkent viloyatida 60 mlrd so‘mlik qurilish ishlarini olib berish uchun $100 ming so‘ragan shaxslar ushlangani haqida yozgandi.