Qozog‘istonda Direct to Cell texnologiyasi asosida sun’iy yo‘ldosh mobil aloqasi ishga tushirildi.
U oddiy smartfon orqali yerusti mobil aloqa qamrovi bo‘lmagan hududlarda ayrim aloqa xizmatlaridan foydalanish imkonini beradi.
Loyihani Qozog‘istonning Beeline kompaniyasi va Starlink Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi ko‘magida amalga oshirmoqda.
Texnologiya mos keluvchi smartfonlarning maxsus sun’iy yo‘ldosh telefoni, tashqi antenna yoki qo‘shimcha uskunalarsiz Starlink sun’iy yo‘ldoshlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanishini ta’minlaydi.
Foydalanuvchilar yerusti mobil tarmog‘i mavjud bo‘lmagan hududlarda xabar yuborish va qabul qilish, shuningdek, asosiy internet xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.
Beeline Kazakhstan mijozlari uchun xizmat reklama davrida bepul bo‘ladi. Ulanish yerusti aloqa qamrovi bo‘lmaganda va sun’iy yo‘ldosh bilan aloqa o‘rnatish uchun zarur sharoitlar mavjud bo‘lganda amalga oshiriladi.
Starlink Mobile’ning ishga tushirilishi Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning 2025-yilda AQSHga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar natijasi bo‘ldi.
O‘sha yil noyabr oyida vazirlik va Beeline Kazakhstan Direct to Cell texnologiyasini joriy etish bo‘yicha memorandum imzolagan, dekabrda esa dastlabki sinovlar o‘tkazilgan.
Qozog‘iston Markaziy Osiyoda ushbu texnologiya amaliy sinovdan o‘tkazilib, foydalanuvchilar uchun xizmat sifatida ishga tushirilgan birinchi davlat bo‘ldi, dedi Bosh vazir o‘rinbosari — Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev.
Sun’iy yo‘ldosh aloqasi yerusti mobil infratuzilmasini to‘ldirib, chekka hududlar, shahar tashqarisidagi avtomobil yo‘llari va tog‘li joylarda aloqa imkoniyatlarini kengaytirishi kerak. Texnologiyadan yerusti infratuzilmasi shikastlangan holatlarda ham foydalanish mumkin.
Hozircha xizmat mos keluvchi Android qurilmalarida mavjud. Kelgusida boshqa operatsion tizimlarni ham qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilmoqda.
Ulanish uchun Janymda ilovasini so‘nggi versiyaga yangilash, unda Starlink xizmatini faollashtirish va telefon sozlamalarida ma’lumotlar roumingini yoqish kerak.
Yerusti aloqa qamrovi bo‘lmaganda sun’iy yo‘ldosh tarmog‘ini qo‘lda tanlash mumkin — Beeline Starlink. Ayrim hollarda u 401 04 nomi bilan ham ko‘rinishi mumkin.
Avvalroq Spot Qozog‘istonda fastfud va shirin ichimliklar reklamasi cheklanishi mumkinligi haqida yozgandi.