Avvalroq bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma‘murchiligiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish choralari belgilangani haqida xabar berilgandi.
Unga ko‘ra, 2027-yildan bojxona ma‘murchiligini yana-da takomillashtirishga qaratilgan qator yangi tartiblar joriy etiladi.
Jumladan, kelasi yildan yagona bojxona to‘lovi stavkasi tovarning bojxona qiymatidan 20%, biroq har bir kilogramm uchun kamida $2 miqdorida belgilanadi.
2027-yil 1-iyundan bojxona nazorati jarayonida tovarning kelib chiqish sertifikati va taqdim etilgan hujjatlar o‘rtasida tovar xususiyatiga ta‘sir qilmaydigan kichik tafovutlar aniqlansa, ular sertifikatni rad etishga asos bo‘lmaydi.
Shuningdek, eksportda ekologik sertifikat eksport qiluvchining ixtiyoriy murojaati asosida rasmiylashtiriladi. Tranzit deklaratsiyalarini transport vositalari chegara bojxona postiga yetib kelishidan oldin taqdim etish tartibi joriy qilinadi.
Bundan tashqari, dastlabki bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etishning yangi soddalashtirilgan tartibi yo‘lga qo‘yiladi. Unga ko‘ra, dastlabki deklaratsiya vakolatli idoralar tomonidan tovarlarga sertifikat va ruxsat beruvchi hujjatlarni olish uchun ariza sifatida qabul qilinadi.
Vakolatli idoralar dastlabki bojxona yuk deklaratsiyasi asosida xavf darajasi past tovarlarga sertifikat va ruxsat beruvchi hujjatlarni oldindan beradi. Yakuniy deklaratsiyada mazkur hujjatlarni aks ettirish amaliyoti esa bekor qilinadi.
Dastlabki bojxona yuk deklaratsiyasi asosida olib kirishga ruxsat berilgan tovarlar chegara bojxona postiga yetib kelgach, ularning xavf darajasi asosida tezlashtirilgan tartibda chiqariladi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasidagi ikkita o‘tkazish punkti xalqaro maqomga ega bo‘lishi haqida yozgandi.