Qozog‘iston Senati O‘zbekiston bilan chegaradagi yana ikkita o‘tkazish punktiga xalqaro maqom berilishini ma‘qulladi. Bu haqda Kazinform xabar bermoqda.

29-iyun kuni Qozog‘iston parlamenti yuqori palatasi O‘zbekiston bilan ikki mamlakat chegarasidagi o‘tkazish punktlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga kiritilgan o‘zgartirishlarni ratifikatsiya qildi. Bular Sirdaryo va Turkiston viloyatlari orasidagi Sirdaryo-Malik va Oqoltin-Selinniy avtomobil o‘tkazish punktlariga taalluqlidir.

Ilgari faqat O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqarolari uchun ochiq bo‘lgan har ikkala punkt endilikda uchinchi davlat fuqarolarini ham o‘tkazadi. Shuningdek, ular tunu-kun ishlash rejimiga o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, chegara o‘tkazish punktlari yuk-yo‘lovchi tashish maqomini oladi:

  • Oqoltin-Selinniy nazorat-o‘tkazish punkti yirik hajmli va og‘ir vaznli yuk hamda tovarlarni o‘tkazadi;
  • Sirdaryo-Malik o‘tkazish punktidan esa faqat yengil avtomobillar va bo‘sh yuk mashinalari o‘tishi uchun foydalaniladi.

Shu vaqtgacha har ikkala punkt ham faqat yengil avtotransport vositalarini qabul qilgan. Qozog‘iston Senatida kutilishicha, bu o‘zgarishlar chegara o‘tkazish punktlaridagi infratuzilmani modernizatsiya qilish bilan birga transport va yo‘lovchi oqimlarining bir maromda taqsimlanishini ta‘minlaydi.

Iyun oyi boshida O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi Qozog‘iston bilan chegarada navbatlar yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi. Bunga qo‘shni mamlakat Davlat daromadlari qo‘mitasi tizimlarida olib borilgan texnik ishlar sabab bo‘lgan.

Spot, avvalroq, Farg‘onadagi uchta chegara bojxona posti 1-oktabrgacha 24 soat ishlashi haqida yozgandi.