Farg‘onadagi uchta chegara bojxona posti kuzgacha 24 soat ishlaydi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.

Xususan, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining Farg‘ona chegara bojxona posti, Shoximardon qishlog‘iga kirish qismida joylashgan Oq-Qiya bojxona punkti hamda So‘x chegara bojxona posti 24 soatlik ish rejimiga o‘tdi.

Qayd etilishicha, bunga qadar mazkur bojxona maskanlari har kuni soat 06:00 dan 22:00 gacha xizmat olib borgan.

O‘tkazish punktlari ish rejimining uzaytirilishi yozgi sayyohlik mavsumida chegaradan o‘tayotgan fuqarolar uchun yana-da qulay sharoit yaratish maqsadida joriy etilgan.

Mazkur tartib 2026-yilning 1-oktabriga qadar amal qiladi.

Aprel oyida Qozog‘iston bilan chegaradagi G‘ishtko‘prik nazorat-o‘tkazish punkti sentabr oyida ochilishi aytilgandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Afg‘oniston Ayritom chegara postida yashil yo‘lak tashkil etishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.