O‘zbekiston va Afg‘oniston Ayritom chegara bojxona postida “yashil yo‘lak” tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

14-may kuni qo‘mita hamda Islom Amirligi bojxona organlari mas’ul vakillari o‘rtasida onlayn formatda ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda bojxona hamkorligini rivojlantirish, amaldagi kelishuvlarni takomillashtirish hamda chegara postlarida yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, yuk transport vositalarining Hayraton-Ayritom chegara posti orqali harakatlanishi bilan bog‘liq muammolar, jumladan, bu yerda transport vositalarining to‘planib qolishi hamda rekonstruksiya ishlari sababli yuzaga kelayotgan noqulayliklar ko‘rib chiqildi.

Tomonlar chegara orqali o‘tkazish jarayonlarini soddalashtirish va tezlashtirishga xizmat qiluvchi “Yashil yo‘lak” mexanizmini joriy etish, axborot almashinuvi tizimini takomillashtirish hamda bojxona tartib-taomillarini uyg‘unlashtirish masalalariga e’tibor qaratdi.

Shuningdek, muloqot davomida bojxona sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi yangi ikki tomonlama bitim loyihasi ham muhokama qilindi.

Afg‘oniston tomoni “Yashil yo‘lak” mexanizmi bo‘yicha o‘z takliflarini tez kunlarda taqdim etishini ma’lum qildi. Axborot almashinuvi yuzasidan esa rasmiy pozitsiyasini qisqa muddatlarda e’lon qiladi. O‘zbekiston tomoni yuk tashuvlarining uzluksizligini ta’minlash, bojxona rasmiylashtiruvini tezlashtirish hamda tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish muhimligini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar mavjud muammolarni birgalikda hal etish hamda doimiy muloqotni davom ettirishga kelishib olishdi.

Avvalroq Spot Qozog‘iston bilan chegaradagi G‘ishtko‘prik nazorat-o‘tkazish punkti sentabr oyida ochilishi haqida yozgan edi.