Prezident avtomobil transportida yuk tashuvlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat bilan respublikadagi yuk avtomobillari parkini yangilash va modernizatsiya qilish maqsadida qator imtiyozlar joriy etilmoqda.
Qarorga ko‘ra, 2027-yil 31-dekabrgacha ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshmagan ayrim yuk transport vositalarini O‘zbekistonga import qilishda bojxona boji va utilizatsiya yig‘imining nol stavkalari qo‘llaniladi.
Imtiyozlar quyidagi transport vositalariga tatbiq etiladi:
- Yevro-5 va undan yuqori ekologik standartlarga javob beradigan yuk avtomobillari va tortuvchi transport vositalari;
- to‘la vazni 15 tonnadan ortiq yoki yukxonasining ichki hajmi kamida 76 kub metr bo‘lgan yarim tirkamalar.
Bunda imtiyozlardan foydalangan holda import qilingan transport vositalari bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan kundan boshlab uch yil ichida eksport qilinsa yoki yoqilg‘i turini o‘zgartirishdan tashqari qayta jihozlanib, TIF TN kodi o‘zgarsa, berilgan imtiyozlar bekor qilinadi. Bu holatda tegishli bojxona to‘lovlari belgilangan tartibda undiriladi.
Shuningdek, qaror bilan Yevropa standartlariga mos ushbu yuk transport vositalarini import qilishda ularni majburiy sertifikatlashdan vaqtincha ozod etish bo‘yicha alohida hukumat qarorini qabul qilish nazarda tutilgan.
Spot, avvalroq, Urganch-Xiva yo‘nalishi uchun 10 ta yangi gibrid trolleybus olib kelingani haqida yozgandi.