Urganch-Xiva yo‘nalishi uchun 10 ta yangi avlod gibrid trolleybus xarid qilindi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, transport vositalari Xitoyning Yutong kompaniyasidan xarid qilingan.

Yangi trolleybuslar Urganch xalqaro aeroporti, Urganch temir yo‘l vokzali hamda Xiva temir yo‘l vokzalini bog‘laydigan yangi yo‘nalishga chiqariladi.

Loyiha amalga oshirilishi natijasida Urganch — Xiva yo‘nalishida trolleybuslar qatnovi oralig‘i amaldagi 25 daqiqadan 12 daqiqagacha qisqaradi.

Vazirlikning qayd etishicha, yangi transport vositalarining foydalanishga topshirilishi yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifati va qatnovlar qulayligini oshirishga xizmat qiladi.

Iyun oyida Xorazmda jamoat transporti to‘lovlari elektron shaklga o‘tkazilishi aytilgandi. Yangi tizim 1-iyuldan ayrim avtobus va trolleybus yo‘nalishlarida boshlanishi belgilangan.

Spot, avvalroq, Toshkentda avtobus yo‘laklariga deliniatorlar o‘rnatilayotgani haqida yozgandi.