Toshkent shahrida avtobuslar uchun alohida ajratilgan A tasmali yo‘laklarga deliniatorlar o‘rnatilmoqda. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Buning uchun Magic City hududidagi Furqat ko‘chasidan Xalqlar do‘stligi saroyi atrofidagi Islom Karimov ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘l qismida maxsus yo‘l chiziqlari chizilib, yo‘lak deliniatorlar orqali umumiy transport oqimidan ajratilmoqda.

Markaz ushbu yechim avtobuslar harakati tezligi va qatnov jadvali barqarorlashtirish, tirbandliklarni kamaytirish hamda jamoat transporti jozibadorligini kuchaytirishga xizmat qilishini kutmoqda.

Shuningdek, deliniatorlar boshqa transport vositalarining avtobus yo‘lagiga kirib ketishining oldini olishga yordam berishi qayd etildi.

Joriy yil davomida poytaxtning 30 dan ortiq ko‘chasida A toifasidagi alohida yo‘laklarni tashkil etish rejalashtirilgan. Ularda esa deliniatorlar va jamoat transporti samaradorligini oshirishga qaratilgan boshqa elementlar bosqichma-bosqich qo‘llanadi.

Joriy yilning mart oyida Toshkent shahridagi avtobuslar uchun alohida ajratilgan yo‘llar to‘siqlar bilan himoyalanishi ma’lum bo‘lgan edi.

2025-yilning aprel oyida qabul qilingan qonun bilan avtobus yo‘laklari va trotuarlarda harakatlanganlik uchun jarimalar miqdori tasdiqlandi. Birinchi huquqbuzarlik uchun 412 ming so‘m, takror sodir etilganda esa 1,236 mln so‘m miqdorida jarima undiriladi.

Avvalroq Spot 1-sentabrdan avtobuslarda yo‘lkira faqat unga chiqishda to‘lanishi haqida yozgan edi. Belgilangan tartibda yo‘lkira to‘lanmagan yoki tasdiqlanmagan hollarda, yo‘lovchi avtobusda chiptasiz harakatlangan deb hisoblanadi.