Xorazm viloyatida 1-iyuldan ayrim avtobus va trolleybus yo‘nalishlarida yo‘lkira haqini to‘lashda naqd pulsiz tizim joriy etiladi. Bu viloyat hokimining tegishli qarori bilan belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, birinchi bosqichda SHI-4, SHI-5, SHI-7, SHI-13, SHI-18, SHI-19 va SHI-28-sonli avtobus yo‘nalishlari hamda T1-sonli Urganch — Xiva trolleybus yo‘nalishida to‘lovlar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.
Qolgan avtobus va trolleybus yo‘nalishlarida esa mazkur amaliyot brutto-shartnomalar rasmiylashtirilganidan keyin bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Qaror bilan trolleybuslarda yo‘lkira haqi bir yo‘lovchi uchun 3 ming so‘m etib belgilandi. Shuningdek, og‘irligi 20 kilogrammdan ortiq bagajni tashish uchun 4 ming so‘m miqdorida bir martalik to‘lov undiriladi.
Mahalliy hokimliklarga 1-iyulga qadar bekatlar va ularga yaqin hududlarda elektron chipta xarid qilish uchun infokiosklar o‘rnatish, shuningdek, ularni elektr tarmoqlariga ulash vazifasi yuklatildi.
Viloyat hokimligi 1-iyulga qadar bekatlar va ularning yaqinida elektron chipta xarid qilish uchun infokiosklar o‘rnatilishini hamda ularning elektr ta‘minotiga ulanishini ta‘minlaydi.
Maʼlumot uchun, o‘tgan yilning iyunida Urganch va Xiva shaharlarida jamoat transportida naqd to‘lov uchun tarif 3000 so‘m, bank kartalari va ATTO transport kartalari orqali to‘lov uchun esa 2300 so‘m etib belgilangandi.
Spot, avvalroq, Toshkentda avtobus yo‘laklariga deliniatorlar o‘rnatilayotgani haqida yozgandi.