InfinBANK rivojlanayotgan bozorlarning moliya sektoriga sarmoya kiritishga ixtisoslashgan Enabling Qapital ltd. xalqaro investitsiya fondidan moliyalashtirish jalb qildi.
Mazkur bitim InfinBANK’ning xalqaro moliya institutlari va investorlar bilan hamkorligini izchil rivojlantirish, resurs bazasini diversifikatsiya qilish hamda uzoq muddatli moliyalashtirish manbalari ulushini oshirishga qaratilgan strategik faoliyatining navbatdagi bosqichi hisoblanadi.
Shartnoma shartlariga muvofiq, jalb qilingan mablag‘lar bankning kichik va mikro biznes sohasidagi mavjud va yangi mijozlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Bu bankka mijozlarni kreditlash imkoniyatlarini kengaytirish va shu bilan birga, o‘z resurs bazasini boshqarishning moslashuvchanligini oshirish imkonini beradi.
Bitimni amalga oshirish doirasida InfinBANK faoliyati bo‘yicha kompleks moliyaviy va huquqiy tahlil o‘tkazildi. Shuningdek, bankning korporativ boshqaruv tizimi, tavakkalchilikni boshqarish amaliyoti hamda asosiy moliyaviy ko‘rsatkichlari baholandi.
Tuzilgan kelishuv InfinBANK’ga 36 oy muddatga uzoq muddatli ta’minlanmagan moliyalashtirish taqdim etilishini nazarda tutadi. Bu bank majburiyatlari tarkibida uzoq muddatli va barqaror resurslar ulushini oshirishga ko‘maklashadi.
“InfinBANK uchun xalqaro investorlar va moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish resurs bazasini mustahkamlash hamda xalqaro moliya bozorlaridagi ishtirokni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Enabling Qapital Ltd. bilan amalga oshirilgan mazkur bitim bankning xalqaro hamkorlar bilan munosabatlarini yanada mustahkamlash va mijozlarni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi”, — deya ta’kidladi bank boshqaruv raisi o‘rinbosari Ruslan Karimov.
Enabling Qapital Ltd. Shveysariyaning FINMA regulyatori tomonidan tartibga solinadigan aktivlarni boshqarish fondi hisoblanadi. Jamg‘armaning maqsadi ijobiy iqtisodiy, ijtimoiy va atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatadigan investitsiyalarni jalb qilishdan iborat.
Reklama huquqlari asosida.