Markaziy bank maxsus stipendiya dasturini eʼlon qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Tanlovda mamlakatdagi OTMlarda tahsil olayotgan bakalavriat va magistraturaning so‘nggi bosqichidagi kunduzgi ta’lim talabalari qatnashishi mumkin.

Stipendiya miqdori O‘zbekistonda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining kamida uch baravariga (1 mln 320 ming so‘m) teng bo‘ladi.

Stipendiatlar Markaziy bankning tegishli bo‘linmalarida haftasiga 15 soatdan oshmagan holda amaliyot o‘tashi mumkin. Bu ularga bank tizimida amaliy tajriba orttirish va nazariy bilimlarini mustahkamlash imkonini beradi.

Nomzodlardan so‘nggi o‘quv yili yakunlari bo‘yicha yuqori reyting ko‘rsatkichiga ega bo‘lish, davlat tilini mukammal bilish, shuningdek, rus va ingliz tillarini kamida B2 darajasida bilish talab etiladi.

Tanlov iqtisodiyot, makroiqtisodiyot, jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar, statistika, moliya, bank ishi, buxgalteriya hisobi, sun’iy intellekt, dasturiy injiniring, axborot xavfsizligi, axborot tizimlari va texnologiyalari, yurisprudensiya, mediadizayn, filologiya hamda tarjima kabi yo‘nalishlar talabalariga ochiq.

ACCA va boshqa xalqaro moliyaviy sertifikatlar, Big Data bilan ishlash ko‘nikmasi, IELTS 7.0 va undan yuqori ball hamda iqtisodiyot, moliya yoki IT bo‘yicha olimpiadalardagi yutuqlar nomzodga qo‘shimcha ustunlik beradi.

Arizalar 11-sentabrgacha Markaziy bankning rasmiy Telegram boti orqali qabul qilinadi. Test sinovlari 15-sentabr kuni soat 10:00 da masofaviy shaklda o‘tkaziladi.

Testdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarning xorijiy tillarni bilish darajasi 16-sentabr kuni suhbat orqali baholanadi. Eng munosib nomzodlar esa 18-sentabr kuni Ekspert guruhi suhbatiga taklif etiladi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda stipendiya va ta’lim krediti ajratishni qayta ko‘rib chiqish taklif qilinayotgani haqida yozgandi.