O‘zbekistonda ta’lim kreditlari va stipendiyalarni ajratish mexanizmini qayta ko‘rib chiqish taklif qilinmoqda. Ushbu tashabbusni 30-iyul kuni bo‘lib o‘tgan fiskal muloqotda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar instituti bildirdi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda ta’lim kreditlari uchun jamg‘armaga 2 trln so‘m transfert ajratilgan. Ta’lim kreditidan 85 ming talaba foydalangan bo‘lib, ularning 84% xotin-qizlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlari 830 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, davlat budjetidan bakalavriat va magistratura stipendiyalari uchun 1 trln so‘m yo‘naltirilmoqda. Hozirda 118,8 ming talaba stipendiya oladi, bu jami 1,6 mln talabaning 7,3% ni tashkil etadi.
Institut ta’lim kreditlarini uch bosqichli model asosida ajratishni taklif qilmoqda. Unga ko‘ra:
- Foizsiz kredit (0%) — Yagona ijtimoiy reyestrga kiritilgan ehtiyojmand talabalarga ball cheklovisiz;
- Imtiyozli kredit — fanlarni 60% (189 balldan 114 ball) o‘zlashtirganlarga Markaziy bank asosiy stavkasining 50% miqdorida;
- Standart kredit — qolgan talabalarga umumiy shartlarda beriladi.
Taqdimotda amaldagi stipendiya tizimining ayrim kamchiliklari ham qayd etilgan. Xususan, stipendiya barcha talabalarni qamrab olmasligi, uning miqdori minimal iste’mol xarajatlaridan pastligi hamda ijtimoiy maqom inobatga olinmasligi ta’kidlangan.
Shu munosabat bilan institut manzilli stipendiya tizimini joriy etish, stipendiya miqdorini minimal iste’mol xarajatlari darajasigacha oshirish va talabalar turar joyi ijarasi uchun subsidiyani saqlab qolishni taklif qilmoqda.
Bundan tashqari, talabalarni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha vositalari sifatida haq to‘lanadigan stajirovkalar, vazirlik va idoralarda ish beruvchilar ishtirokidagi akademik stipendiyalar ilgari surilgan. Shuningdek, yashash xarajatlari uchun kreditlar va ta’lim davridagi maishiy xarajatlarni moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish taklif etilgan.
Taqdimotda qayd etilishicha, magistraturada tahsil olayotgan ayollarning kontrakt to‘lovlarini qoplash uchun ajratilayotgan 125 mlrd so‘mlik qo‘llab-quvvatlash chorasi saqlab qolinadi.
Avvalroq Spot abituriyentlar uchun OTM va yo‘nalish tanlash boshlangani haqida yozgan edi.
