25-iyuldan boshlab abituriyentlar oliy ta’lim tashkiloti, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlashni boshladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

Tanlov “avval test — so‘ng tanlov” tamoyili asosida amalga oshiriladi. Abituriyentlar test topshirgan fanlar majmuasi va ta’lim tiliga mos ravishda 5 tagacha OTM va ta’lim yo‘nalishini tanlashi mumkin.

Har bir yo‘nalish uchun kunduzgi, kechki yoki masofaviy ta’lim shakllari tanlanadi. Yo‘nalishlarni bir OTT doirasida ham, turli OTTlar kesimida ham tanlash imkoniyati mavjud.

Tanlovni my.uzbmb.uz platformasi orqali amalga oshirish mumkin. “Oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlariga qabul” bo‘limi tanlanib, “Xizmatdan foydalanish” hamda “OTT tanlash” tugmalari bosiladi.

Tanlov ustuvorligi hamda mavjud bo‘lsa, maqsadli qabul bo‘yicha tanlov belgilanadi, fanlar majmuasiga mos yo‘nalishlar hamda ta’lim shakllari tanlanib, “Saqlash” tugmasi bosiladi.

Telefon raqamga yuborilgan SMS-kod kiritilgach, tanlov tasdiqlanadi va “Abituriyent qayd varaqasi” shakllanadi.

Vazirlik abituriyentlarga tanlovni 8-avgustga qadar istalgan vaqtda o‘zgartirish mumkinligini eslatdi. Undan keyin kiritilgan ma’lumotlarni tahrirlash imkoniyati bo‘lmaydi.

Shuningdek, tanlovni amalga oshirishda o‘tgan yilgi o‘tish ballariga emas, avvalo o‘z natijasi, qiziqishi va kelajakdagi kasbiy rejalarga e’tibor qaratish tavsiya etildi. Tanlov yakunlangach shakllanadigan “Abituriyent qayd varaqasi"ni yuklab olib saqlab qo‘yish ham tavsiya qilindi.

Avvalroq Spot OTMlarga kirish test sinovlari yakunlangani haqida yozgan edi.