23-iyul kuni davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga 2026/2027-o‘quv yili uchun qabul test sinovlari yakunlandi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Test sinovlarining so‘nggi kunida rejalashtirilgan 45 520 nafar abituriyentning deyarli barchasi imtihonda ishtirok etdi, chetlatishlar qayd etilmadi.
14-iyuldan boshlangan test sinovlarida qatnashishi belgilangan 664 609 nafar abituriyentdan 610 ming nafardan ortig‘i ishtirok etdi. Imtihon qoidalarini buzgan 70 nafardan ortiq abituriyent esa test jarayonidan chetlatildi.
24-iyul kuni test sinovlarining 10-kun natijalari e’lon qilingach, abituriyentlar ikkinchi bosqich tanlovda ishtirok etishi mumkin. Keyingi bosqich davomida 25-iyuldan 8-avgustga qadar oliy ta’lim muassasalari, ta’lim yo‘nalishlari, ta’lim shakli va ustuvorliklar tanlanadi.
Yakuniy mandat natijalari esa ikkinchi bosqich tanlovi yakunlanganidan keyin bir hafta ichida e’lon qilinadi.
2026-yilda OTM va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun 677,9 ming nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning 451,7 ming nafari joriy yil bitiruvchilari, 226,2 ming nafari esa avvalgi yillar bitiruvchilaridir.
Shuningdek, barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 997 nafar abituriyent testdan ozod etilib, bevosita tanlov bosqichiga o‘tkazildi. Imtihon uchun mamlakat bo‘yicha 64 ta yirik bino tayyorlanib, bir kunda qariyb 71 ming nafar abituriyentni qabul qilish imkoniyati yaratildi.
Avvalroq Spot Toshkentda Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi tashkil etilishi haqida yozgan edi.