Prezidentning 17-iyuldagi qarori bilan O‘zbekistonda xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, Buyuk Britaniyaning IQF — Integrated Qualifications Framework tashkiloti bilan hamkorlikda tuzilgan Xalqaro malakalar va baholash markaziga yangi vazifalar yuklatildi.

Jumladan, markaz ishlab chiqilgan integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini QS yoki Times Higher Education (THE) xalqaro reytinglarining top-100 taligiga kiruvchi xorijiy universitetlar talablari bilan muvofiqlashtiradi.

Shuningdek, top-100 talikdagi oliygohlar tomonidan tan olinadigan bakalavriat uchun “1+3” va “2+2”, magistratura uchun esa “1+1” ta’lim modellarini ishlab chiqadi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda yetakchi xorijiy universitetlarning diplomini beruvchi kampuslar, filiallar, franshiza va ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishish ham markazning vazifalari qatoriga kiritildi.

Qarorga muvofiq, Buyuk Britaniya tajribasi asosida integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini kengaytirish maqsadida tajriba-sinov tariqasida Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi tashkil etiladi.

Spot, avvalroq, bakalavriat uchun qabul kvotalari tasdiqlangani haqida yozgandi.