2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta‘lim tashkilotlarining bakalavriat bosqichi bo‘yicha qabul parametrlari tasdiqlandi. Bu haqda Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, axborot texnologiyalari va sun‘iy intellekt yo‘nalishlari uchun davlat granti kvotalari 35%ga oshirildi. Shuningdek, bakalavriat va magistratura bo‘yicha qabul parametrlari, ta‘lim shakllari, o‘qitish tillari hamda ta‘lim yo‘nalishlari kesimida davlat granti ulushi belgilandi.
Tasdiqlangan qabul parametrlariga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilida bakalavriatning kunduzgi ta‘lim shakliga jami 155 852 ta qabul o‘rni ajratilgan.
Shundan 130 843 tasi o‘zbek, 19 341 tasi rus, 4 888 tasi qoraqalpoq, 335 tasi qozoq, 315 tasitojik, 75 tasi qirg‘iz va 55 tasi turkman tilida ta‘lim olish uchun mo‘ljallangan.
Kechki ta‘lim shakliga jami 28 942 ta qabul o‘rni belgilangan. Ulardan 26 010 tasi o‘zbek, 2 277 tasi rus va 655 tasiqoraqalpoq tilidagi ta‘lim yo‘nalishlariga to‘g‘ri keladi.
Masofaviy ta‘lim shakliga esa jami 20 810 ta qabul o‘rni ajratilgan. Shundan 18 543 tasi o‘zbek, 1 800 tasi rus va 467 tasi qoraqalpoq tilida ta‘lim olish uchun mo‘ljallangan.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ichki ishlar va bojxona organlari xodimlari, Qurolli Kuchlar hamda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining farzandlari, shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari uchun qo‘shimcha davlat granti kvotalari belgilandi.
Muddatli harbiy xizmatni o‘tab, tavsiyanomaga ega fuqarolar uchun alohida qabul ko‘rsatkichlari, xorijdagi yosh vatandoshlar hamda Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Mo‘g‘uliston fuqarolari uchun davlat granti asosidagi qabul parametrlari tasdiqlandi.
5 yillik mehnat stajiga ega xotin-qizlar uchun 2 500 ta alohida to‘lov-kontrakt o‘rni va kunduzgi ta‘lim shakliga 4 000 ta qo‘shimcha davlat granti ajratildi.
Shuningdek, maktab ta‘limi, sog‘liqni saqlash va san‘at yo‘nalishlari uchun maqsadli qabul parametrlari, maktabgacha ta‘lim pedagoglari uchun dual ta‘lim asosidagi bakalavriat qabuli hamda oliy malaka toifasiga ega maktab o‘qituvchilari uchun pedagogika magistraturasiga masofaviy ta‘lim bo‘yicha maqsadli qabul tasdiqlandi.
Bundan tashqari, Green University uchun vakant davlat buyurtmasi o‘rinlari hisobidan 100 ta qabul parametri ajratildi.
Spot, avvalroq, 2030-yilgacha kamida 5 ta OTMni dunyoning top-500 taligiga kiritish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.