Shavkat Mirziyoyev xalqaro taʼlim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy taʼlim dasturlarini joriy etish, nufuzli xorijiy universitetlar bilan akademik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Oxirgi 8 yilda oliy taʼlim bilan qamrov darajasi 9% dan 44% ga, talabalar soni esa 270 ming nafardan 1,7 mln nafarga yetdi. Joriy yilning o‘zida 643 ta texnikumning 100 tasida Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Xitoy va Koreya kabi davlatlarning ilg‘or kasbiy taʼlim dasturlari joriy etilmoqda.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy tadqiqot universiteti hamda O‘zbekiston Milliy universiteti nufuzli xalqaro reytinglarda dunyoning eng yaxshi mingta oliy taʼlim muassasasi qatoridan o‘rin oldi. Oliygohlardagi 157 ta taʼlim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Shu bilan birga, taʼlim sifatini yana-da oshirish, milliy oliygohlarning xalqaro raqobatbardoshligini kuchaytirish va bitiruvchilarning global mehnat bozorida munosib o‘rin egallashi uchun ishlarni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi qayd etildi.

2030-yilga qadar kamida 5 ta oliygohni umumiy reyting bo‘yicha, yana 10 tasini fan yo‘nalishlari kesimida dunyoning eng yaxshi 500 ta universiteti qatoriga kiritish maqsad qilingan.

Shuningdek, 100 ta oliygoh dasturini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, kamida 150 ta texnikumda xalqaro taʼlim dasturlarini joriy qilish rejalashtirilgan.

Oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari va pedagoglarining kamida 30% ini xorijiy til, kasb va mutaxassislik bo‘yicha xalqaro sertifikatlar bilan taʼminlash, texnikumlarning 2,5 ming nafar hamda oliygohlarning 20 ming nafar pedagogini xorijda malaka oshirishga yuborish vazifalari belgilangan.

Taqdimotda integratsiyalashgan taʼlim dasturlarini keng joriy etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Bugungi kunda qator oliygohlarda xorijiy universitetlar bilan qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yilgan. Ammo ular asosan ikki oliygoh o‘rtasida tashkil etilib, talabalarning taʼlim yo‘nalishini erkin tanlash imkoniyati cheklangan.

Xalqaro amaliyotda esa integratsiyalashgan dasturlar talabaga o‘qish davomida bir nechta universitetda taʼlim olish, turli mamlakatlar akademik muhiti va taʼlim standartlaridan foydalanish imkonini beradi.

Toshkent shahridagi Inha universiteti va Toshkent arxitektura-qurilish universitetida biznes boshqaruvi, arxitektura hamda axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida Buyuk Britaniyaning 10 dan ortiq oliygohi bilan hamkorlikda shunday dasturlar joriy etilgan.

Natijada 371 nafar talaba 1+3, 2+2 va 3+1 modellari asosida tahsil olib, Britaniya standartlariga mos diplom olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Mazkur tizim orqali talabalarning xorijda o‘qish va yashash xarajatlarini 10 barobargacha qisqartirish mumkinligi qayd etildi. Hozirgi kunda minglab o‘zbekistonlik talaba Buyuk Britaniyada 4 yillik taʼlim dasturlarida tahsil olmoqda. Ularning har biri uchun o‘qish va yashash xarajatlari yiliga $50 minggacha yetadi.

Shu munosabat bilan Toshkent arxitektura-qurilish universiteti tarkibida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabini tashkil etish taklif qilindi.

Oliy maktabda taʼlim jarayoni Buyuk Britaniyaning Norzambriya va Hartfordshir universitetlari dasturlari asosida yo‘lga qo‘yiladi. Keyingi bosqichda Sapiyensa, Sautgempton, Glazgo kabi dunyoning nufuzli oliygohlari akademik talablariga moslashtirilgan taʼlim dasturlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Oliy maktabga akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqillik beriladi. Davlat idoralari, hamkor oliygohlar va yirik kompaniyalar vakillaridan iborat kuzatuv kengashi tashkil etiladi. Bitiruvchilarga O‘zbekistonda tan olinadigan xorijiy hamkor oliygoh va oliy maktab diplomi beriladi.

Shuningdek, oliy maktab va hamkor taʼlim muassasalarida Britaniya standartlariga muvofiq 8-darajagacha bo‘lgan taʼlim dasturlarini joriy qilish, rahbar kadrlar uchun strategik fikrlash, liderlik, raqamli boshqaruv, qaror qabul qilish va natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv bo‘yicha malaka oshirish kurslarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Spot, avvalroq, xususiy kasbiy ta‘lim markazlariga 7 yilgacha imtiyozli kreditlar berilishi haqida yozgandi.