Urbanizatsiya va uy-joy bozori milliy qo‘mitasi Toshkentdagi City Palace mehmonxonasi o‘rnida 41 qavatli bino qurish loyihasining shahar infratuzilmasiga ta’sirini baholadi.
Qo‘mita investitsiya kiritilishi yoki mehmonxona qurilishiga qarshi emasligini qayd etib, hududdagi elektr, ichimlik suvi va yo‘l tarmoqlari bunday yuklamaga tayyor emasligini bildirdi.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha bo‘yicha bino balandligi bosh rejada ruxsat etilgan 7 qavat o‘rniga 41 qavatni tashkil etadi. Xonalar soni esa amaldagiga nisbatan 4,5 baravar ko‘payadi.
Dastlabki hisob-kitoblar hududdagi elektr ta’minoti tizimida zaxira quvvat qolmaganini ko‘rsatmoqda. Hududdagi podstansiyalar hozirning o‘zida 70% yuklama bilan ishlamoqda. Yangi loyiha elektr tarmoqlariga yana 10−15% yuklama qo‘shishi mumkin.
Ichimlik suvi bo‘yicha ham muammo mavjud. Yangi majmuaning suvga ehtiyoji amaldagi ko‘rsatkichdan ikki baravar yuqori bo‘ladi. Mavjud tarmoqlar esa talab qilinadigan quvvatning atigi 65% ini ta’minlay oladi. Natijada 35% lik taqchillik yuzaga kelishi mumkin. Qo‘shimcha infratuzilma quvvatlarini yaratmasdan turib esa majmuamoni to‘liq ta’minlash imkonsiz.
Shuningdek, Navoiy va Amir Temur ko‘chalaridagi transport oqimi tig‘iz vaqtlarda me’yoriy chegaradan 60% dan ortiq yuklamani hosil qiladi. Yangi loyiha bu ko‘rsatkichni yana 5−6% ga oshirishi mumkin.
Qo‘mita 41 qavatli bino qurilishida zilzilabardoshlik, yong‘in xavfsizligi, odamlarni evakuatsiya qilish va shamol yuklamasi bo‘yicha alohida hisob-kitoblar zarurligini ham ta’kidladi.
“Zaxirasi qolmagan tarmoqqa yana yuk qo‘shilsa, uning og‘irligi shu yerda yashaydigan va ishlaydigan odamlarga tushadi, poytaxtda esa infratuzilmasi muammoli yana bir hudud paydo bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, loyihani amalga oshirishdan oldin uni bosh rejaga va atrofdagi binolar balandligiga moslashtirish, elektr, suv, kanalizatsiya va transport uchun qo‘shimcha quvvat manbalarini aniqlash kerak. Shuningdek, zarur infratuzilma obyektlarini kim va qachon qurishi belgilanishi lozim.
Shundan keyingina loyiha belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Qo‘mita bu talablar nafaqat City Palace, balki poytaxtdagi barcha yirik qurilish loyihalariga tegishli ekanini bildirdi.
23-noyabr kuni tadbirkorlarning bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev bilan uchrashuvida Toshkent markazidagi City Palace mehmonxonasi o‘rnida 540 ta xonali 41 qavatli majmua qurish loyihasi muhokama qilindi.
Xodjayev binolarning balandligi bosh reja bilan belgilanishini va investor talabi bilan o‘zgartirilmasligini ta’kidladi. U investorga qo‘shni InterContinental mehmonxonasi kabi 21 qavatdan oshmaydigan bino loyihasining master-rejasini ishlab chiqishni taklif qildi. Biroq uni ko‘rib chiqish hali tasdiqlash degani emasligini qayd etdi.
Avvalroq Spot Yevroosiyo taraqqiyot banki Yangi Toshkent infratuzilmasiga $2,5 mlrd ajratishi mumkinligi haqida yozgan edi.