Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi o‘z mahsulotini xorijga yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Korxona yangi turdagi pochta-bagaj vagonlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan va ular hozir eksport qilinmoqda. Rossiyalik buyurtmachi bilan hamkorlik doirasida 15 ta vagon yetkazib berildi. Yil oxirigacha yana 13 tasi topshirilishi kutilmoqda.

Xabarda qo‘shni davlatlar ham zavod mahsulotiga qiziqish bildirayotgani aytilgan. O‘zbekiston temir yo‘llari buni yangi mijozlarni jalb qilish va eksport geografiyasini kengaytirishga asos deb hisoblaydi.

2025-yilning aprelida zavod ustav fondidagi O‘zbekiston temir yo‘llariga tegishli 90,02% ulush Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilgan. Agentlik uni 2025-yil 22-yanvardagi shartnoma asosida Transport Engineering Center kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga bergan.

Yuridik shaxslar yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Transport Engineering Center ta’sischilari VTR Holdings Limited xususiy kompaniyasi (96,6%) va Vektor texnologicheskix resheniy MChJ (3,4%). Birinchisi Ostonada, ikkinchisi Moskvada ro‘yxatdan o‘tgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yil iyulida Transport Engineering Center zavoddagi ulushni temir yo‘l vagonlari va metro poyezdlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish uchun olganini ma’lum qilgan. Kompaniya Rossiya kompaniyalari tomonidan tuzilgan, zavod kuzatuv kengashiga esa Transmashxolding top-menejerlari kirgan.

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning dekabrida zavod aksiyalarining 90% ini ishonchli boshqaruvga berish to‘g‘risidagi kelishuvni keyinchalik bosqichma-bosqich xususiylashtirish sharti bilan bir yilga uzaytirishni topshirgan. O‘shanda u O‘zbekiston temir yo‘llariga 200 ta yo‘lovchi vagonini yangilash uchun 10 yil muddatga $143 mln lik imtiyozli kredit ajratishni ham topshirgan edi.

Avgust oxirida zavoddagi 90% ulush davlat ulushlari sotilishi kerak bo‘lgan 62 ta korxona ro‘yxatiga kiritildi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori o‘rinbosari Alisher Miraliyev Spot’ga ishonchli boshqaruvchi aktivni xususiylashtirishda ustuvor huquqqa ega bo‘lmasligini aytgan.

Avvalroq Spot Toshkent metrosi 2027-yil kuzigacha poyezdlarning 80% ini besh vagonga uzaytirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.