Buxoro markaziy dehqon bozori faoliyati yong‘in xavfsizligi talablari qo‘pol buzilgani va favqulodda vaziyatlar xavfi yuqoriligi sababli vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bozor faoliyati viloyat iqtisodiy sudi qarori bilan to‘xtatilgan. Bozorni viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, soliq boshqarmasi va ishchi guruh o‘rganib chiqqan.

Kamchiliklar asosan bozorning kiyim-kechak qismi va unga tutash hududda aniqlangan.

Aniqlangan kamchiliklar:

  • tadbirkorlar o‘t o‘chirish mashinalari harakatlanishi uchun mo‘ljallangan yo‘llarni to‘sib olgan va savdoni belgilangan 1 metrlik me’yordan chiqarib yuborgan;
  • do‘kon peshtoqlari matolar va tez yonuvchan plastik qoplamalar bilan to‘silgan, ayrim do‘konlarning tomida tez yonuvchan alyukobond ishlatilgan;
  • elektr simlari me’yorlarga mos emas va tartibsiz o‘tkazilgan;
  • do‘konlar yong‘in haqida avtomatik xabar beruvchi qurilmalar bilan to‘liq jihozlanmagan;
  • yer osti suv olgichlari nosoz, o‘t o‘chirish burchaklarida ham kamchiliklar bor.

Do‘kon egalari va bozor ma’muriyatiga kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish topshirildi. Ular to‘liq tuzatilgach, bozor faoliyati qayta tiklanadi.

Avvalroq Spot yong‘in xavfsizligi buzilgani sabab Toshkentdagi Qo‘yliq bozori faoliyati qisman cheklangani haqida yozgandi.