Jahon banki O‘zbekistondagi iqtisodiy va institutsional islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun $800 mln miqdoridagi moliyalashtirish paketini ma’qulladi.
Dastur doirasida 2029−2031-yillarda 275 mingta qo‘shimcha va sifatli ish o‘rni yaratish kutilmoqda.
Mablag‘lar xususiy sektor rolini kengaytirish, yuqori ish haqi to‘lanadigan ish o‘rinlarini ko‘paytirish, mamlakatning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini chuqurlashtirish hamda ekologik va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan islohotlarga yo‘naltiriladi.
Dastur doirasida xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va ijtimoiy himoyani kuchaytirish, jumladan, homiladorlik va tug‘ish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha nafaqalar qamrovini oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, davlat korxonalarini isloh qilish, xususiy biznes uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish va investitsiyalarni jalb qilish choralari ko‘riladi.
Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish doirasida 2028-yilgacha yana 500 ming kishi, jumladan, 250 ming nafar xotin-qizni keng polosali internet bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Ma’lumotlarni transchegaraviy uzatish qoidalari ham takomillashtiriladi.
Energetika sohasida elektr energiyasi va tabiiy gaz bozorlarini tartibga solish tizimi yaxshilanadi, xususiy investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlari kengaytiriladi. 2028-yilgacha elektr energiyasi iste’molchilarining 15 foiziga xususiy operatorlar boshqaruvidagi taqsimlash tarmoqlari orqali xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, fermer va chorvadorlarni qishloq xo‘jaligi xatarlaridan himoya qilish uchun sug‘urta qamrovi kengaytiriladi. 2028-yilga borib ularning 35% ini sug‘urta bilan qamrab olish maqsad qilingan.
Savdo tartib-taomillarini raqamlashtirish, “yagona darcha” tizimini takomillashtirish va chegara jarayonlarini soddalashtirish ham dastur yo‘nalishlaridan o‘rin olgan. Bu chora-tadbirlar O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, binolarning energiya samaradorligi standartlari yaxshilanadi va ekologik toza texnologiyalarga investitsiyalar rag‘batlantiriladi.
2028-yilgacha energiya samaradorligi loyihalariga $10 mln xususiy investitsiya jalb qilish hamda taqsimlangan qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 3 ming MVt gacha yetkazish rejalashtirilgan.
Avvalroq Spot Jahon banki Samarqandda tibbiy xizmatlarni yaxshilash uchun $100 mln kredit ajratishi haqida yozgandi.