Shavkat Mirziyoyev 25-noyabr kuni chorvachilik uchun ozuqa bazasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Rejaga ko‘ra, ozuqa yetishtirish hajmi 2027-yilda 64,5 mln tonnaga, 2030-yilga borib esa 90 mln tonnaga yetkaziladi.
Bugungi kunda mamlakatda yiliga 48 mln tonna ozuqa yetishtiriladi. Bu mavjud ehtiyojni to‘liq qoplamaydi. Xususan, bir bosh qoramol uchun yiliga 6,5 tonna ozuqa talab etilsa, amalda bu ko‘rsatkich 4 tonnadan oshmaydi.
Ozuqa yetishtirishni ko‘paytirish uchun 2030-yilgacha 200 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish rejalashtirilgan. Kelgusi yilda 50 ming gektarda ishlar amalga oshiriladi.
Shuningdek, ozuqabop ekinlar hosildorligini gektariga 350 sentnerdan 500 sentnerga oshirish ko‘zda tutilgan.
Yaylovlar mahsuldorligini oshirish maqsadida 2030-yilgacha 1 mln gektar maydonda dronlar yordamida urug‘ sepiladi. Qashqadaryoning sakkizta tumanida qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli ozuqabop ekinlar yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, hududlarda 100 dan ortiq ozuqa markazlari va shoxobchalari tashkil etiladi. Ular ozuqani xarid qilish, qayta ishlash, saqlash va chorvadorlarga uzluksiz yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.
Ozuqa ekinlari maydonlari hisobini yuritish raqamlashtiriladi, ajratilgan yerlardan maqsadli foydalanish esa kosmik monitoring orqali nazorat qilinadi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda qo‘shimcha 400 ming tonna go‘sht yetishtirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.