5-avgust kuni Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi Bektemir tumanida joylashgan Qo‘yliq dehqon bozori faoliyatini qisman chekladi. Bu haqda boshqarma matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tkazilgan davlat yong‘in nazorati tekshiruvlarida ko‘plab yong‘in xavfsizligi qoidalarining qo‘pol ravishda buzilishi aniqlandi. Natijada bozor elektr ta’minotidan qisman uzildi.
Ma’lum qilinishicha, aniqlangan kamchiliklar yong‘in kelib chiqishi hamda fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga xavf tug‘dirishi mumkin. Kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgach, bozor faoliyati qayta tiklanadi.
“Hurmatli fuqarolar va tadbirkorlar, bu kabi tadbirlarni o‘tkazishdan maqsad yong‘in xavfsizligini ta’minlash, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yirik turdagi yong‘inlarni, favqulodda vaziyatlarning oldini olishdan iborat”, — dedi boshqarma vakili.
FVB bunday tekshiruvlar Toshkent shahri va mamlakatning boshqa hududlarida ham davom ettirilishini ma’lum qildi.
Avvalroq Qatortol bozori atrofidagi noqonuniy obyektlar buzilayotgani haqida xabar berilgandi. Sud qarori bilan buzilayotgan Nomdor tamaddixonasi o‘rnida piyodalar uchun ochiq va xavfsiz hudud tashkil etiladi.