Toshkentning Chilonzor tumanidagi Qatortol ko‘chasida noqonuniy qurilgan obyektlarni buzish ishlari boshlandi. Bu haqda tuman hokimligi xabar berdi.
Ko‘chani obodonlashtirish, piyodalar xavfsizligi va qulayligini ta‘minlash maqsadida yo‘l chetlari hamda piyodalar yo‘laklarida ruxsatsiz qurilgan bino va savdo shoxobchalari buzilmoqda.
Xususan, Qatortol bozori oldidagi piyodalar hududi noqonuniy qurilmalardan tozalanmoqda. Hokimlikka ko‘ra, mazkur obyektlar piyodalarning erkin harakatlanishiga xalaqit bergan.
Shuningdek, Nomdor tamaddixonasi ham sud qarori bilan buzilmoqda. Hokimlik ma‘lumotiga ko‘ra, obyekt tegishli ruxsatnomalarsiz qurilgani sabab tadbirkor avval ogohlantirilgan.
Ogohlantirish natija bermagach, hokimlik sudga murojaat qilgan va sud obyektni noqonuniy deb topgan.


Tamaddixona egasiga faoliyatini boshqa joyda davom ettirish imkoniyati tushuntirilgan. Ishsiz qolayotgan xodimlarni ish bilan ta‘minlashda esa hokimlik amaliy yordam ko‘rsatishini bildirgan.
Hokimlik tadbirkorlarni qurilish ishlarini faqat tegishli ruxsatnomalar olingandan keyin boshlashga hamda amaldagi qonunchilik talablariga qat‘iy rioya qilishga chaqirdi.
Spot, avvalroq, Toshkentda 35 ta bozor va savdo kompleksi sotuvga chiqarilishi haqida yozgandi.

