O‘zbekistonda poyabzallar va transformatorlarni markirovkalash taklif etilmoqda. Soliq qo‘mitasi bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasini normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirdi.
Loyihada ichki bozorda sotiladigan ayrim turdagi poyabzal mahsulotlari va transformatorlarni identifikatsiya vositalari orqali raqamli markirovkalash nazarda tutilgan.
Bu tartib TIF TN kodlari bo‘yicha 6401−6405 guruhlariga kiruvchi quyidagi poyabzallarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin:
- 6401 — kauchuk yoki plastmassadan yasalgan, ustki qismi taglikka biriktirilmagan suv o‘tkazmaydigan poyabzal;
- 6402 — tag va ustki qismi rezina yoki plastmassadan yasalgan boshqa poyabzal;
- 6403 — tagligi rezina, plastmassa, charm yoki kompozitsion charmdan va ustki qismi tabiiy charmdan bo‘lgan poyabzal;
- 6404 — tagligi kauchuk, plastmassa, charm yoki kompozitsion charmdan va ustki qismi to‘qimachilik materiallaridan bo‘lgan poyabzal;
- 6405 — boshqa turdagi poyabzal.
Shuningdek, 8504 kodi bo‘yicha elektr transformatorlari, statik elektr o‘zgartiruvchilari (masalan, to‘g‘rilagichlar), induktivlik g‘altagi va drossellar uchun markirovka majburiy bo‘ladi.
Tizimni bosqichma-bosqich joriy etish taklif qilinmoqda: 2027-yil 1-yanvardan tajriba tariqasida, 2028-yil 1-yanvardan esa majburiy tartibda.
2028-yilgacha ishlab chiqarilgan yoki mamlakatga import qilingan markirovkalanmagan mahsulot qoldiqlarini sotishga o‘tish davrida ruxsat beriladi. Ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilar ularni 2028-yil 1-aprelgacha, ulgurji savdo subyektlari 1-iyulgacha, chakana savdo qiluvchilar esa 1-oktabrgacha realizatsiya qilishi mumkin.
Qaror loyihasiga ko‘ra, Soliq qo‘mitasi O‘zcharmsanoat va O‘zeltexsanoat uyushmalari hamda tegishli idoralar bilan birgalikda yangi talablarni joriy etish bo‘yicha tushuntirish ishlarini tashkil qiladi.
Elektr akkumulyatorlari markirovkasi bo‘yicha talablar
Loyihada elektr akkumulyatorlari (to‘g‘riburchak, kvadrat yoki boshqa) va ular uchun separatorlarni markirovkalash tartibiga ham o‘zgartirish kiritish taklif etilgan. Bu mahsulotlar uchun majburiy raqamli markirovkalash 2026-yildan boshlangan.
2027-yildan boshlab bunday mahsulotlarni markirovkasiz ishlab chiqarish, shuningdek, import qilishda agregatsiyalangan import kodi haqidagi ma’lumotlarni bojxona yuk deklaratsiyasida ko‘rsatmasdan erkin muomalaga chiqarish taqiqlanishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, markirovkalanmagan mahsulot qoldiqlarini sotish uchun olti oylik muddat beriladi. Bu davrda ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va ulgurji savdo tashkilotlari mavjud qoldiqlarni realizatsiya qilishi mumkin. Ulgurji va chakana savdo tashkilotlari esa ularni ixtiyoriy ravishda bepul markirovkalash huquqiga ega bo‘ladi.
Olti oy o‘tgach, mahsulotlarni keyingi savdo ishtirokchilariga faqat elektron hisobvaraq-fakturalarda markirovka kodlari ko‘rsatilgan va Asl belgisi tizimiga ma’lumot yuborilgan holda yetkazib berish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, mamlakat hududida markirovkasiz sotish taqiqlanadi.
Qaror loyihasi bo‘yicha fikr-mulohazalarni 10-dekabrgacha bildirish mumkin.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i uchun markirovka joriy etish taklif etilgani haqida yozgan edi.