O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi o‘simlik yog‘ini raqamli markirovkalash to‘g‘risidagi qaror loyihasini e’lon qildi. Hujjat Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilgan.

Loyiha muqaddimasiga ko‘ra, tashabbus o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish va sotish jarayonlarini raqamlashtirish, shuningdek, uning noqonuniy aylanmasining oldini olishga qaratilgan. Boshqa markirovkalangan mahsulotlarda bo‘lgani kabi, tizim operatori CRPT Turon kompaniyasi bo‘ladi.

Hujjat qabul qilingan taqdirda, o‘simlik yog‘i uchun majburiy markirovka 2027-yil 1-iyuldan kuchga kiradi.

Talab quyidagi mahsulotlarga nisbatan qo‘llanadi:

  • soya yog‘i (TIF TN kodi 1507);
  • yeryong‘oq yog‘i (1508);
  • zaytun yog‘i (1509);
  • zaytun mevasidan olinadigan boshqa yog‘lar (1510);
  • palma yog‘i (1511);
  • kungaboqar, maxsar va paxta yog‘lari (1512);
  • kokos, palma mag‘zi va babassu yog‘lari (1513);
  • raps yog‘i (1514);
  • o‘simliklardan olinadigan boshqa yog‘lar (1515).

1-yanvargacha CRPT Turon kompaniyasi Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda yog‘ ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar uchun masofadan foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lgan buyurtmalarni boshqarish tizimlarini taqdim etishi kerak.

Qaror ijrosi uchun iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov mas’ul etib belgilangan.

Hujjat muhokamasi 24-oktabrgacha davom etadi.

Markirovka

Shavkat Mirziyoyev 2018-yil dekabr oyida O‘zbekistonda raqamli markirovkalashni bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan. Tizimni 2019-yil 1-avgustdan ishga tushirish rejalashtirilgan edi, biroq belgilangan muddat kelganda uning joriy etilishi 2020-yilga ko‘chirildi.

2019yil avgustida markirovkalash loyihasini amalga oshirishga Rossiyaning CRPT kompaniyasi sho‘ba korxonasi — CRPT Turon’ni jalb etish rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘ldi. Kompaniya aniqlik kiritishicha, 2020-yildan CRPT Turon’ning ta’sischisi Digital Holding hisoblanadi. 2020-yilda sigaret va alkogol mahsulotlari savdosida sinovdan o‘tkazilgan Asl Belgisi tizimi boshqa tovarlarga ham tatbiq etila boshlandi.

Hozirda dori vositalari, maishiy texnika, qadoqlangan suv va salqin ichimliklarni raqamli markirovkalash majburiy hisoblanadi. Bunda so‘nggi ikki toifa uchun tizimni joriy etish muddati bir necha bor kechiktirilgan.

2022-yil bahorida kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashish maqsadida markirovkalashni avtomobil ehtiyot qismlari, shinalar va gilamlarga ham tatbiq etish rejalari haqida xabar berilgan.

2025-yil aprelida Vazirlar Mahkamasi mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini markirovkalash bo‘yicha tajriba loyihasini ma’qulladi. 2026-yil mayidan esa agrokimyoviy mahsulotlarni markirovkalashni majburiy qilish rejalashtirilgan edi.

2026-yil yozida zargarlik buyumlari hamda qimmatbaho metallar va toshlardan tayyorlangan boshqa mahsulotlarni markirovkalash to‘g‘risidagi qaror loyihasi e’lon qilindi. Uni 2027-yil oxirigacha tajriba tariqasida amalga oshirish, 2029-yildan esa ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilar uchun majburiy qilish ko‘zda tutilgan.

Markirovkalanishi lozim bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchilari tizim joriy etilishini bir necha bor to‘xtatib turishni so‘ragan. Ular mahsulot tannarxi oshishi va boshqa mamlakatlardagi salbiy tajribani bunga sabab qilib ko‘rsatgan.

CRPT Turon kompaniyasi bu xavotirlarni “afsona” deb atagan, Soliq qo‘mitasi esa markirovkalash kontrafakt mahsulotlar va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish uchun zarurligini bildirgan.

Alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi (UzBev) ham texnik qiyinchiliklar sabab markirovkalangan mahsulotlarni agregatsiyalash tizimini ishga tushirishni kechiktirishni so‘ragan.

2025-yil oktabridan boshlab raqamli markirovka qoidalariga rioya qilish biznes barqarorligi reytingida rag‘batlantiruvchi mezonga aylandi. Savdo nuqtalarining barchasini shtrix-kod va raqamli markirovka skanerlari bilan jihozlagan tadbirkorlarga qo‘shimcha 5 ball berilishi belgilangan.

2026-yil avgusti oxirida prezident tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda e’lon qilingan takliflarni amalga oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, umumiy ovqatlanish korxonalari va mehmonxonalar suv, salqin ichimliklar, pivo va tamaki mahsulotlarini xarid qilganda, ularning markirovka kodlari yakuniy iste’mol uchun sotilgan deb hisoblanadi.


Avvalroq Spot tadbirkorlar markirovka bilan bog‘liq shubhali holatlarni onlayn tekshira olishi haqida yozgandi.