Joriy yilning 1-martidan suv va alkogolsiz ichimliklarni majburiy markirovkalashni joriy etish belgilangan.

Soliq qo‘mitasining qayd etishicha, majburiy raqamli markirovkalash orqali ichki bozor kontrafakt mahsulotlaridan tozalanib, yashirin iqtisodiyat ulushi kamaytiriladi.

Markirovkalangan holda ishlab chiqarishga tayyorgarlik ko‘rish va mexanizmlarni sinovdan o‘tkazishda 2021-yilning 15-iyunidan tajriba-sinov loyihasi ishga tushirildi.

Bozor ishtirokchilarini xabardor qilish va tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ishlar boshlandi. Korxonalarga masalalarni hal etishda yordam ko‘rsatildi. Bunda, zarur jihoz va dasturiy ta’minotni tanlashga ko‘maklashildi.

Aksariyat ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan ixtiyoriy tarzda markirovkalangan mahsulotlarni ishlab chiqarish (import qilish) bo‘yicha tayyorgarlik ishlari yakunlandi. Katalogga 1700dan ortiq turdagi mahsulotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritildi, 106 mln donadan ortiq tayyor mahsulot test rejimida markirovkalandi.

Bozorning markirovkalashga tayyorligiga qaramay, ayrim suv va salqin ichimlik ishlab chiqaruvchilar tomonidan uzoq muddat (3 yildan ortiq) sinovlarda ishtirok etishdan bosh tortish, ishlab chiqarish liniyalarini zarur markirovkalash uskunalari bilan ta’minlamaslik kabi holatlar kuzatilgan.

“„Suv va salqin ichimliklar“ toifasidagi tovarlar bozorda talab katta bo‘lgan yuqori likvidli mahsulotlardir. Raqamli markirovkalash suv va salqin ichimliklarni standartlashtirish imkonini beradi, ichki bozorni mahalliy ishlab chiqarilgan va import qilinadigan noqonuniy va kontrafakt mahsulotlardan xalos etadi”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Bundan tashqari, innovatsiyalar iste’mol tovarlari uchun logistika va biznes jarayonlarini yaxshilashi va yashirin iqtisodiyat ulushini kamaytirishi qayd etildi. Mahsulot aylanmasini nazorat qilish orqali davlat budjetiga tushumlar ortadi.

1-martdan achitilmagan va tarkibiga spirt qo‘shilmagan, shakar yoki boshqa shirinlik qo‘shilgan va qo‘shilmagan meva va sabzavot sharbatlari, gazlangan hamda gazlanmagan suvlar va ichimliklar majburiy raqamli markirovkalanishi shart.

Joriy yilning 1-avgustidan esa, ikkinchi guruh — metall, alyumin idishdagi suv va salqin ichimliklarni markirovkalash belgilangan.

2022-yilning oktabridan butilkadagi suv va alkogolsiz ichimliklarni markirovkalashni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgandi. Biroq, hukumat mazkur talabning kuchga kirishini to‘qqiz oyga kechiktirishni topshirdi.

2023-yilning 30-iyun kuni majburiy markirovkalash boshlanishidan bir kun oldin, hukumat bu talabni amalga oshirishni 2024-yilning 1-martigacha kechiktirdi. Qaror “kerakli texnik imkoniyatlarni to‘liq ta’minlash va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish” maqsadida qabul qilingan.

Fevral oyi oxirida Alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi prezidentga 1-martdan raqamli markirovkalashni majburiy joriy etishni bekor qilish va biznes hamda hukumat o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yish iltimosi bilan xat yo‘llagandi.

Undan keyin alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar majburiy raqamli markirovkalashni joriy etishga tayyor emasliklarini ma’lum qildi. Biznes markirovkalashning ijobiy ta’sirini ko‘rmayapti va ishlab chiqarishning keskin qisqarishini kutmoqda.