Toshkentda tig‘iz vaqt oraliqlarida yuk mashinalari harakati taqiqlanadi

1-martdan Toshkentda tig‘iz vaqt oraliqlarida yuk mashinalari harakati taqiqlanadi. Bu haqda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2024-yilda amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmonida qayd etilgan.

Xususan, poytaxtda yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tig‘iz vaqt oraliqlarida taqiqlanadi.

Biroq, mazkur cheklovlar maxsus xizmat, jumladan, kommunal xo‘jaligi, obodonlashtirish va Qurolli Kuchlarning yuk avtomobillariga tatbiq etilmaydi.



Aholi chang bo‘roni va havoning ifloslanishi haqida xabardor qilib boriladi

Hududlarda chang bo‘roni sodir bo‘layotganda va atmosfera havosida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan yuqori bo‘lgani aniqlanganda aholini ogohlantirish, yurak-qon tomir va nafas yo‘llari kasalliklariga chalingan hamda sog‘lig‘i havoning ifloslanishiga ta’sirchanligi yuqori bo‘lgan boshqa fuqarolarni zarur profilaktik choralar to‘g‘risida doimiy xabardor qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

O‘lchami 500 metr kvadrat va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonlarida, unga kirib-chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar joriy etiladi.


Hududlar markazlarida eski avtomobillar harakati bosqichma-bosqich cheklanadi

2030-yilgacha Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida “Yevro-5” va undan yuqori standartlariga muvofiq bo‘lmagan avtomobillar ekspluatatsiyasini bosqichma-bosqich cheklanadi.

Bundan tashqari, Toshkentda har oyning bir ish kuni davomida avtomobillar harakatlanishini qisqartirishga qaratilgan “Avtomobilsiz kun” jamoatchilik loyihasi amalga oshiriladi. Biroq, bundan jamoat transportlari, maxsus va shoshilinch yordam xizmatlari mustasno.

Uning doirasida binosi poytaxtda joylashgan barcha respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar va boshqa xodimlari jamoat transportida ish joyiga kelishi orqali namuna ko‘rsatib boriladi.


“Har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” loyihasi joriy etiladi

Prezident farmoni bilan “har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” loyihasini joriy etiladi.

Bunda mahallalarda yoshlar yetakchilari tomonidan IT va kompyuter dasturlash sohasiga qiziquvchi yoshlar aniqlanib, ularni ingliz va boshqa xorijiy tillarga o‘qitish hamda sertifikat olish yo‘lga qo‘yiladi.

Sertifikat olgan yoshlarning ma’lumotlarini Raqamli texnologiyalar vazirligining maxsus axborot tizimiga kiritib borish amaliyoti joriy qilinadi.

Raqamli texnologiyalar, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari tizimga kiritilgan yoshlarni IT-sohasidagi tashkilotlarga yo‘naltirish va ko‘maklashish choralarini ko‘radi.


“Qizlar akademiyasi” va “Ustoz” platformalari ishga tushiriladi

“Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘laridan yoshlar chet tillari va kasb-hunarga o‘qitiladi.

Ustoz” maxsus platformasi ishga tushirilib, dastlabki bosqichda platforma orqali 150 ming nafar yoshlar qamrab olinib, 30ta kasbga o‘rgatiladi.

Yosh xotin-qizlarni tadbirkorlik, marketing, grafik-dizayn kabi kasblarga o‘rgatish uchun “Qizlar akademiyasi” platformasi ishga tushiriladi. Bu orqali ular uchun turli tanlov, loyihalar, o‘quv oromgohlari, stajirovkalar tashkil etiladi.

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida mahalla, ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar tizimida xorijiy tillar (“Ibrat farzandlari”) musobaqasi, kibersport va “Zakovat” intellektual o‘yinlari tashkil etiladi. Mukofot jamg‘armasi 600 mln so‘mni tashkil etadi.

Kasblar tanlovida g‘olib bo‘lgan yoshlarni o‘z hududlarida jihozlangan ustaxonalar bilan Yoshlar ishlari agentligi va mahalliy hokimliklar tomonidan “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ta’minlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.


IT-o‘quv markazlariga subsidiya ajratish tizimi yaratiladi

Nodavlat ta’lim tashkilotlariga bir martalik subsidiya ajratish tizimini nazarda tutuvchi dastur joriy etiladi.

Dastur orqali quyidagi tartibda subsidiyalar beriladi:

  • bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotga ishga joylashganda — BHMning 75 baravarigacha (25,5 mln so‘m);
  • nogironligi bo‘lgan yosh bitiruvchisi bunday tashkilotga ishga kirsa — BHMning 105 baravarigacha (35,7 mln so‘m).

Xalqaro IT-sertifikatlar xarajatlarini qoplab berish miqdori oshiriladi

Yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlangan.

Xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarning o‘qishi hamda sertifikatlarni olish xarajatlarining 60%gacha qismi qoplab beriladi. Ilgari bu 50%gacha edi. Agar nomzod ingliz tilidan B2 va undan yuqori darajaga ega bo‘lsa xarajatlar to‘liq qoplab beriladi.

Arizalarni Yagona portal orqali elektron ariza jo‘natish mumkin bo‘ladi. Xalqaro IT-sertifikatlar boshlang‘ich darajada bo‘lganida 30%, o‘rta darajada — 40% hamda professional daraja uchun 60% miqdorida sarflangan xarajatlar qoplab beriladi.

Nomzod sertifikatning elektron variantini, kursni tugatganligi haqidagi hujjatlarni va imtihon to‘lovi kvitansiyasini taqdim etishi shart. 16 yoshga to‘lmaganlar esa ota-onalari yoki vasiylari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rsatishlari kerak.

Ariza sertifikat berilgan kundan boshlab 180 kalendar kundan kechiktirilmay topshirilsa, kompensatsiya taqdim etiladi.


Turagentlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziya talab etilmaydi

Tegishli faoliyat turlari xabarnoma tartibiga o‘tkazilganligi sabab, 3ta turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinadi.

Turoperatorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga litsenziya talab qilinmaydi. Xorijga sayohatlarni tashkil qilish uchun depozitlardan ozod qilinadi. Ilgari buning uchun ular Xavfsiz turizm jamg‘armasiga $15 ming to‘lashlari kerak edi.

Litsenziya yoki ruxsatnoma olingandan so‘ng, ariza beruvchining video aloqa yordamida belgilangan talablarga muvofiqligini masofaviy baholashga ruxsat beriladi.

Shuningdek, yuridik shaxslar avtotransport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun operatorni mustaqil tanlashlari mumkin bo‘ladi.


Quyosh panellarini tegishli sinfi to‘g‘risidagi axborot bo‘lmasa olib kirish taqiqlanadi

Texnik hujjatlarida yoki markirovkasida quyosh elementlarining sifat ko‘rsatkichlarini ifodalovchi “A”, “V”, “S” va “D” tegishli sinfi to‘g‘risidagi axborotlar mavjud bo‘lmagan quyosh panellarini chetdan olib kirish taqiqlanadi.


Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar onlayn auksion orqali ijaraga beriladi

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishda ochiq elektron tanlov o‘rniga onlayn auksion joriy etiladi.

Bunda yerlar onlayn auksion savdolari orqali 30 yilga ijaraga berilib, boshlang‘ich narx yerning normativ qiymati miqdorida belgilanadi.

Onlayn auksion savdolari g‘oliblari yer narxini 3 yil muddatda har oyda teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashlari mumkin bo‘ladi. Agar ular “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari"da ro‘yxatda turgan bo‘lsa, bu muddat 5 yilni tashkil etadi.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar ijarachilariga ijara bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini yerdan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda boshqaga o‘tkazishi (qayta ijaraga berishi) mumkin bo‘ladi.

Ochiq elektron tanlovga chiqarilgan va g‘olib aniqlanmagan yerlar 1-martdan avtomatik tarzda onlayn auksionga chiqariladi.


Litsenziyalash va ruxsat etish xususiyatiga ega 22 turdagi hujjat bekor qilinadi

Qonunchilikka ko‘ra, litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning 22 turi bekor qilinadi.

Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etgan ayrim yuridik shaxslarga yengilliklar beriladi.

Agar huquqbuzar qo‘llanilgan jarima summasi miqdorining 50%ini 15 kun ichida, 70%ini 30 kun ichida ixtiyoriy ravishda to‘lasa, jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi.

Litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berishda talabgorlar hujjatlarining muvofiqligini masofadan turib baholash tartibi joriy etiladi. Bunda jarayon video aloqa yordamida amalga oshiriladi.

Tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda uning pochta manzili sifatida muassisning turar joyini ko‘rsatishga ruxsat beriladi.

2025-yilgacha eksperiment tarzida “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi joriy etiladi. Tizim rentgen uskunasidan foydalanish va veterinariya laboratoriya-diagnostika ishlarini amalga oshirish faoliyatlari uchun amal qilib, 3 oygacha o‘tish va moslashish davrini belgilaydi.


Farmatsevtikada davlat xaridlarini amalga oshirish bo‘yicha tizim yaratiladi

Farmatsevtika tarmog‘ida davlat xaridlarini amalga oshirish uchun tizim joriy qilinadi.

U orqali davlat buyurtmachisi bir lotda faqat bitta farmatsevtika mahsulotini kiritishi mumkin bo‘ladi.

Bunda xalqaro patentlanmagan nomi bo‘yicha dori vositalari va tibbiy buyumlar nazarda tutilgan.


Oziq-ovqat mahsulotlari sohasiga $220 mlngacha mablag‘lar ajratiladi

Prezidentning tegishli farmoni bilan joriy yilning 1-martigacha xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan $220 mln miqdoridagi mablag‘lar banklarga yo‘naltirilishi belgilangan.

Bunda banklar tomonidan yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4%lik punkt yuqori stavkada (shundan bank marjasi 4%) milliy valyutada quyidagi imtiyozli kreditlar ajratiladi:

  • oziq-ovqat yo‘nalishida mahsulot yetishtirishdan iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirishga — 10 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan;
  • aylanma mablag‘lar uchun — 18 oy muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan.

Oziq-ovqat mahsulotini eksport qiluvchi korxonalarga $3 mlngacha mablag‘ beriladi

Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi resurslari hisobidan oziq-ovqat mahsulotini eksport qiluvchi korxonalarga eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirishga moliyaviy resurslar ajratiladi.

Bunda ular tomonidan amalga oshirilgan oxirgi 12 oy davomidagi eksport hajmidan kelib chiqib, 2 yil muddatgacha quyidagi tartibda taqdim etiladi:

  • $100 mingdan $1 mlngacha bo‘lganda — $100 minggacha;
  • $1 mlndan $2 mlngacha bo‘lganda — $1 mlngacha;
  • $2 mlndan $4 mlngacha bo‘lganda — $2 mlngacha;
  • $4 mlndan ortiq bo‘lganda — $3 mlngacha.

Eksport agentligi Savdoni rivojlantirish kompaniyasi sifatida qayta tashkil etiladi

Prezident Eksport agentligi eksportchilarga ko‘makchi bo‘lish o‘rniga davlatdan berilgan tayyor pulni yo‘naltiradigan “buxgalter-kassir"ga aylanib qolganini tanqid qilgandi.

Agentlik JST talablari asosida Savdoni rivojlantirish kompaniyasi sifatida qayta tashkil etiladi.

Yangi tizim asosida Investitsiya vazirligi chet eldagi qaysi bozorda qanday mahsulotlar xaridorgir ekanini aniqlaydi. Ularga kirish uchun hukumatlararo kelishuvlarga erishadi. Savdo-sanoat palatasi esa tadbirkorlarga yangi bozorlar talablariga moslashishga ko‘maklashadi.

Kompaniya beradigan subsidiya, kredit va yordamlar yangi tadbirkorlik reytingi asosida, birinchi navbatda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot bilan yangi bozorlarga chiqayotgan eksportchilarga ajratiladi. Bu tizimni 1-martdan joriy qilish topshirilgan.


Nogironligi bo‘lganlarning sayohat qilishlari uchun sharoit yaratiladi

Nogironligi bo‘lganlar uchun to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va ularning sayohat qilishlari uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha dastur tasdiqlangan.

Unda 1-martdan nogironligi bo‘lganlar uchun “Uzbekistan.travel” yagona milliy turistik axborot portalidan foydalanish imkoniyatini yaratish belgilangan.

Mamlakatning har bir hududida nogironligi bo‘lgan bolalar uchun milliy hunarmandchilik terapiyasi faoliyati tashkil etiladi.

Avia, temir yo‘l hamda avtobus biletlarini xarid qilish bo‘yicha onlayn platformalarda e’lonlar uchun taktil hamda ovozli funksiyali displeylar joriy qilinadi.

Bu eshitish va ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lganlarning tegishli ehtiyojlariga muvofiq joriy qilinadi.


Shaharsozlikda ayrim litsenziyalarni olish talablari kuchaytiriladi

Norezident yuridik shaxslar ham balandliklarda sanoat alpinizmi usullarida ta’mirlash, qurilish-montaj ishlarini bajarish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olishga murojaat qilish muddati 15 kundan 10 kunga qisqartiriladi.

Ko‘priklar va tunnellarni loyihalashtirish uchun litsenziyani olishga tashkilot shtatida kamida 15 nafar mutaxassis bo‘lishi lozim. Shulardan asosiy ish joyi sifatida ishlovchilar:

  • direktor;
  • soha bo‘yicha oliy ma’lumotga va loyihalashtirish sohasida kamida 5 yillik ish tajribasiga ega 3 nafar loyiha bosh muhandisi;
  • bosh arxitektor;
  • 2ta texnolog;
  • 2ta konstruktor.

Litsenziyani, jumladan chet el (doimiy muassasasi mavjud) yuridik shaxslar olishlari mumkin. Ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 20 kunga qisqartiriladi.

Shuningdek, ko‘priklar va tunnellarni qurishga, xavfi yuqori bo‘lgan obyektlarni va potensial xavfli ishlab chiqarishlarni loyihalashtirish, qurish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha litsenziyalarni olish uchun talablar kuchaytiriladi. Yangi litsenziya talablari 1-martdan kuchga kiradi.


O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan ayrim tovarlar bojxona bojidan ozod etiladi

Tadbirkorlar tomonidan mamlakatga olib kiriladigan o‘xshashi O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan ayrim tovarlar bojxona bojlaridan ozod etiladi. “Nol” tariflari 2026-yilning 1-martigacha amal qiladi.

Bunga quyidagilar kiradi:

  • mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalari, savdo-ko‘ngilochar majmualarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun asbob-uskunalar, texnika, xomashyo, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, mebel va inventarlar, qurilish materiallari;
  • cho‘milish havzalari (basseyn) va akvaparklar uchun mo‘ljallangan asbob-uskunalar, jihozlar, turniketlar, to‘lov-ma'lumot terminallari, videokuzatuv tizimlari, yangi energiya tejovchi tizimlar, maxsus suv tozalash filtrlari;
  • turizm markazlaridagi zargarlik va oltin mahsulotlari chakana savdosi do‘konlari faoliyatini tashkil qilish uchun qurilish materiallari, asbob-uskunalar va texnologiyalar.

Ayrim fuqarolarga Mo‘ynoq va Zominga aviaparvozlar uchun chegirmalar taqdim etiladi

O‘zbekistonga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni tezlashtirish bo‘yicha prezident farmoni qabul qilingan.

Hujjat bilan, Mo‘ynoq va Zomin aeroportlariga amalga oshiriluvchi parvozlar uchun ayrim fuqarolarga aviachiptalar 50% imtiyozli ta’riflar asosida sotiladi.

Chiptalarni 23 yoshgacha bo‘lgan yoshlar, pensiya va nafaqa oluvchilar hamda nogironligi bo‘lganlar chegirma bilan olishlari mumkin.

Bunda aviakompaniyalarning imtiyozli ta’riflar bo‘yicha xarajatlari byudjetdan qoplab berilishi belgilanmoqda.


Ijtimoiy xizmat ko‘rsatish uchun moslashuvchan ish tartibi joriy etiladi

O‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish, mustaqil harakatlanish va mo‘ljal olish imkoniyati cheklangan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lganlarga ijtimoiy xodimlar assistentlarining “soatbay” asosda haftaning barcha kunlari xizmat ko‘rsatishi uchun moslashuvchan ish tartibi joriy etiladi.


Xorijda turib ayrim notarial bitimlarni rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi

Notarial idoraga kelmasdan, chet eldan turib mol-mulkdan foydalanish bilan bog‘liq bitimlarni rasmiylashtirish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

Jarayon elektron raqamli imzodan foydalangan holda videokonferensaloqa orqali amalga oshiriladi.

Biroq, bu tartib mulk huquqini boshqa shaxsga o‘tkazish bo‘yicha bitimlarga amal qilmaydi.


Suv va alkogolsiz ichimliklar uchun majburiy markirovkalash joriy etiladi

2022-yilning oktabridan butilkadagi suv va alkogolsiz ichimliklarni markirovkalashni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgandi. Biroq, hukumat mazkur talabning kuchga kirishini to‘qqiz oyga kechiktirishni topshirdi.

2023-yilning 30-iyun kuni majburiy markirovkalash boshlanishidan bir kun oldin, hukumat bu talabni amalga oshirishni 2024-yilning 1-martigacha kechiktirdi.

Qaror “kerakli texnik imkoniyatlarni to‘liq ta’minlash va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish” maqsadida qabul qilingan.


Jizzaxda ichimlik va oqova suv xizmatlari narxi oshiriladi

Unga ko‘ra, 1-martdan bir metr kub ichimlik suvi uchun quyidagi belgilangan tariflar amalda qo‘llaniladi:

  • aholi uchun — 4 ming so‘m (amaldagi narxi — 2 500 so‘m);
  • budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun — 6 ming so‘m (3 500 so‘m).

Oqova suvi xizmati uchun:

  • aholi uchun — 1 700 so‘m (amaldagi narx — 1000 so‘m);
  • budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun — 2 500 so‘m (1 500 so‘m).

Bunda taklif etilayotgan barcha narxlar QQSsiz hisoblangan.


“LOT Polish Airlines” Toshkent-Varshava yo‘nalishida parvozlarni boshlaydi

Toshkent — Varshava — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar haftasiga uch marta — dushanba, payshanba va shanba kunlari Boeing 737 MAX 8 samolyotlarida amalga oshiriladi. Birinchi yo‘lovchi reysi 14-martga belgilangan.

Parvoz jadvali (mahalliy vaqt bilan):

  • Varshavadan jo‘nab ketish — 22:55, Toshkentga kelish — 09:00 (keyingi kunga o‘tish bilan);
  • Toshkentdan jo‘nab ketish — 10:20, Varshavaga kelish — 01:05 (keyingi kunga o‘tish bilan).

Xabar e’lon qilingan vaqtda bagajsiz bir tomonlama chipta narxi 2,85 mln so‘mdan, qaytish chiptasi esa 7,16 mln so‘mdan boshlanadi.


Korean Air Seul-Toshkent yo‘nalishida parvozlarni to‘xtatadi

Janubiy Koreyaning “Korean Air” aviakompaniyasi Seul-Toshkent-Seul yo‘nalishi bo‘yicha muntazam parvozlarni to‘xtatadi.

Parvozlarning to‘xtatilishiga sotuvlarning pasayishi va aviakompaniya siyosatining o‘zgarishi sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, 1-martdan boshlab “Korean Air” rasmiy saytida Seul-Toshkent hamda qarama-qarshi yo‘nalishda aviachiptalar mavjud emas.


“CloudPayments” O‘zbekistondagi faoliyatini to‘xtatadi

Joriy yilning 18-martidan O‘zbekistonda “CloudPayments” o‘z faoliyatini to‘xtatadi.

Kompaniya buni “bozor konyunkturasining o‘zgarishi” bilan izohlab, tizim “faoliyatini to‘xtatishga majbur”, ekanligini qayd etgan.

CloudPayments” internet-ekvayring xizmati 2014-yilda yaratilgan. U mijozlarga “Visa”, “Mastercard” va “MIR” kartalaridan veb-saytlar va ilovalarga tezkor onlayn to‘lovlarni ulash hamda havola yoki QR-kodlar orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi.