Avvalroq Shavkat Mirziyoyev bandlikni ta’minlash va tadbirkorlar faoliyatini tartibga solishni qisqartirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Prezident tadbirkorlik faoliyatida majburiy talablarni qisqartirish va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 1-martdan O‘zbekistonda 16 turdagi litsenziya va ruxsatnomalarga bo‘lgan talab bekor qilinadi. Ulardan 7tasi to‘liq bekor qilingan. Masalan, bojxona tashuvchilari reyestriga kirishda yuklarni tashish uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi.

Yana 6ta turdagi ruxsatnomalar boshqa turdagi hujjatlar bilan birlashtirilgan. Masalan, eksport nazorati obyektlarini olib chiqish uchun ruxsatnoma hamda maxsus tovarlar eksporti va importi uchun litsenziya birlashtirilmoqda.

Bundan tashqari, tegishli faoliyat turlari xabarnoma tartibiga o‘tkazilganligi sabab, 3ta turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinadi. Xususan, 1-martdan turagentlik faoliyati bilan shug‘ullanishga litsenziya talab qilinmaydi.

Turoperatorlar xorijga sayohatlarni tashkil qilish uchun depozitlardan ham ozod qilinadi. Ilgari buning uchun ular Xavfsiz turizm jamg‘armasiga $15 ming to‘lashlari kerak edi.

Litsenziya yoki ruxsatnoma olingandan so‘ng, ariza beruvchining video aloqa yordamida belgilangan talablarga muvofiqligini masofaviy baholashga ruxsat beriladi.

Shuningdek, yuridik shaxslar avtotransport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun operatorni mustaqil tanlashlari mumkin bo‘ladi.

Avvalroq oilaviy tadbirkorlarga doimiy xodimlari sonini oshirish huquqi berilgandi. Endilikda oilaviy korxonalar 5tagacha doimiy xodimni ular bilan mehnat shartnomasini tuzgan holda ishga jalb qilishlari mumkin. Ilgari 3tagacha xodimni yollash mumkin edi.