Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritildi.

Xususan, “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar bulan yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi oilaviy tadbirkorlarga doimiy xodimlar sonini oshirish huquqi berildi.

Avvalgi tartibga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlar 3 nafargacha doimiy xodimlarni yollashlari mumkin edi. Endilikda 5tagacha doimiy xodimni ular bilan mehnat shartnomasini tuzgan holda ishga jalb qilishlari mumkin.

Bir oilaviy korxona ishtirokchisiga bir vaqtning o‘zida boshqa oilaviy korxona ishtirokchisi bo‘lish huquqi berildi.

Bundan tashqari, “Bojxona kodeksi"ga ham o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, davlat hamda nodavlat sport-ta'lim tashkilotlariga ham bojxona imtiyozlari berilmoqda.

Ular tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun import qilinadigan maxsus sport kiyim-boshlari, poyabzal, sport anjomlari, jihozlari va uskunalarining 50%i uchun bojxona bojini to‘lashdan ozod etiladi.

Shuningdek, “Shaharsozlik kodeksi"ga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining shaharsozlik faoliyati obyektlarini qurish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish bo‘yicha vakolatlari bekor qilindi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

2024-yildan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar ajratila boshlanadi. Bunda kreditlar 3 yilgacha muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4%lik punkt yuqori stavkada ajratiladi.

Avgust oyida prezident “mahalladagi yettilik” kafilligi bilan garovsiz beriladigan oilaviy tadbirkorlik kreditlari miqdorini 33 mln so‘mdan 100 mln so‘mga oshirishni topshirgandi.