Avvalroq tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, 2024-yilning 1-martidan litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning 22 turi bekor qilinadi.

Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga qo‘llanilgan jarima summasi miqdorining 50%i 15 kun ichida, 70%i 30 kun ichida ixtiyoriy ravishda to‘langanda, huquqbuzar jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi.

Litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berishda video aloqa yordamida talabgorlar hujjatlari talab va shartlarga muvofiqligini masofadan turib baholash tartibi joriy etiladi.

Tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda uning pochta manzili sifatida muassisning turar joyini ko‘rsatishga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, 1-martdan 2025-yilgacha eksperiment tarzida “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi joriy etiladi.

Tizim rentgen uskunasidan foydalanish va veterinariya laboratoriya-diagnostika ishlarini amalga oshirish faoliyatlari uchun amal qilib, 3 oygacha o‘tish va moslashish davrini belgilaydi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev bandlikni ta’minlash va tadbirkorlar faoliyatini tartibga solishni qisqartirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.